O'zbekistonlik o'quvchilar xalqaro olimpiadalarda medallarni qo'lga kiritdi
Avstraliyada o'tgan IMEC va JSEO xalqaro olimpiadalarida o'zbekistonlik o'quvchilar bir nechta medallarni qo'lga kiritdi.

Avstraliyaning Sidney shahrida IMEC (Mathematics Olympiad) hamda JSEO (junior-senior english Olympiad) xalqaro fan olimpiadalari tashkil etildi. Ushbu nufuzli musobaqalarda o'zbekistonlik iqtidorli o'quvchi-yoshlar ham munosib qatnashib, yuqori natijalar bilan yurtimizga qaytdi.
Ma'lum qilinishicha, mazkur xalqaro olimpiadalarning boshlang'ich saralash bosqichida dunyoning 60 ga yaqin davlatidan 30 ming nafarga yaqin o'quvchi o'z bilimini sinovdan o'tkazdi. Shiddatli kechgan final bosqichida esa 20 ga yaqin mamlakatdan tashrif buyurgan 500 nafardan ortiq iqtidorli yoshlar o'zaro bellashdi.
Mazkur tadbir o'quvchi-yoshlarda ilm olishga bo'lgan ishtiyoqni oshirish, ularning mantiqiy hamda tanqidiy fikrlash ko'nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Shuningdek, u turli davlatlardan kelgan yoshlar o'rtasida madaniy almashinuv va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishda muhim platforma vazifasini o'tadi. Matematika va ingliz tili yo'nalishlarida o'tkazilgan musobaqa yakunlariga ko'ra, O'zbekiston vakillari 4 ta oltin, 6 ta kumush, 7 ta bronza medallari hamda 1 ta Honorable mention natijasiga sazovor bo'ldi. O'quvchilarimizning qo'lga kiritgan ushbu muvaffaqiyatlari mamlakatimiz ta'lim sohasi rivojidagi yana bir muhim qadam sifatida e'tirof etilmoqda.
Manba: UzA


