O'zbekistonning to'rtta oliygohi nufuzli xalqaro fan reytingiga kiritildi
Buyuk Britaniyaning Times Higher Education nashri 2026 yilgi fanlar bo'yicha global reytingni e'lon qildi.

Buyuk Britaniyaning nufuzli Times Higher Education reyting tashkiloti World University Rankings 2026 by Subject ro'yxatini e'lon qildi. Ushbu nufuzli xalqaro ro'yxatdan O'zbekistonning to'rtta oliy ta'lim muassasasi joy olishga muvaffaq bo'ldi.
Universitetlarning reytingdagi o'rinlari
- TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti: tabiiy fanlar, matematika va statistika yo'nalishida 301-400 o'rinni, muhandislik fanlari bo'yicha esa 401-500 o'rinni egalladi.
- O'zbekiston milliy universiteti: tabiiy fanlar, matematika va statistika fanlari yo'nalishida 801-1000 pog'onadan joy oldi.
- Toshkent davlat texnika universiteti: tabiiy fanlar, matematika va statistika yo'nalishida 501-600 o'rinni, muhandislik fanlari bo'yicha 801-1000 o'rinni band etdi.
- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti: ta'lim yo'nalishida 601-800, muhandislik yo'nalishida 801-1000, kompyuter ilmlari va dasturlash fanlari bo'yicha esa 1001+ o'rinda qayd etildi.
E'tiborli jihati shundaki, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti ushbu nufuzli fan reytingiga ilk bor kiritildi. Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, Times Higher Education tashkiloti dunyo universitetlarini jami 11 ta asosiy yo'nalish hamda 148 ta fan kesimida baholash ishlarini amalga oshiradi. Mazkur yuqori natijalar mamlakatimizda so'nggi yillarda aniq va tabiiy fanlar, muhandislik hamda axborot texnologiyalari sohalarini rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar samarasidir.
Manba: UzA



