Parkentlik 6-sinf o'quvchisi arab tilidan B2 darajadagi sertifikatni qo'lga kiritdi
Toshkent viloyatining Parkent tumanida maktab o'quvchisi arab tilidan B2 sertifikatiga ega chiqdi.
Toshkent viloyatida umumta'lim maktabining o'quvchisi chet tilini bilish darajasini baholovchi sinovlarda muvaffaqiyatli qatnashib, yuqori natija qayd etdi. Xususan, Parkent tumanidagi 9-umumta'lim maktabining 6-sinf o'quvchisi Azizbek Sodiqov arab tilidan B2 sertifikatini qo'lga kiritdi.
Ma'lum bo'lishicha, o'quvchi ushbu tilni o'zlashtirish uchun tumandagi Cosmos School o'quv markazida tahsil olib kelgan. Ustozlarining ta'kidlashicha, Azizbekning erishgan bu marrasi O'zbekistonda arab tili bo'yicha yosh jihatidan eng yagona ko'rsatkich sifatida qayd etilgan.
Avvalgi yutuqlar
Respublikaning boshqa hududlarida ham maktab o'quvchilarining chet tillarini o'rganishda yuqori natijalar ko'rsatayotgani kuzatilmoqda. Xususan, avvalroq Farg'onada 3-, Samarqandda 4- hamda Navoiyda 5-sinf o'quvchilari ingliz tilidan B2 darajasidagi sertifikatlarga ega chiqqani ma'lum qilingandi.
Manba: Kun.uz

