Pedagogika yo'nalishi talabalari bilimlari tashqi diagnostikadan o'tkaziladi
Pedagogika yo'nalishidagi 3-bosqich talabalari bilimi test sinovlari orqali tashqi diagnostikadan o'tkaziladi.

Pedagogika yo'nalishlarida kadrlar tayyorlash sifatini yanada yaxshilash maqsadida talabalarning bilimlarini tashqi diagnostika qilish tartibi amaliyotga tatbiq etildi. Mazkur tartib bo'yicha tegishli nizom Adliya vazirligidan davlat ro'yxatidan o'tkazildi.
Sinov jarayoni va baholash mezoni
Qoidaga binoan, har o'quv yilida bir marta pedagogika yo'nalishida tahsil olib kelayotgan 3-bosqich talabalarining bilimlari test sinovlari orqali tekshiriladi. Tashqi diagnostika ta'lim sifati hamda pedagog kadrlar tayyorlash darajasini tahlil qilishga xizmat qiladi.
Test sinovlari jami 50 ta savoldan iborat bo'lib, ularni bajarish uchun talabalarga 45 daqiqa vaqt ajratiladi. Bunda har bir to'g'ri javob 2 balldan baholanib, eng yuqori ko'rsatkich 100 ballni tashkil etadi.
Ishchi guruh va natijalar
Ushbu jarayonni tashkil etish uchun har yili sentabr oyida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining buyrug'i bilan kamida 5 nafar malakali mutaxassisdan iborat ishchi guruh shakllantirilishi belgilandi.
Diagnostika yakunlariga ko'ra, o'rtacha 56 ball va undan yuqori natija qayd etgan ta'lim yo'nalishlari "talablarga javob beradigan", 56 balldan past ko'rsatkich qayd etganlari esa “talablarga javob bermaydigan” deb baholanadi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, mazkur tashqi diagnostika natijalari talabalarning joriy o'zlashtirish ko'rsatkichlari yoki reyting ballariga ta'sir ko'rsatmaydi. Uning asosiy vazifasi pedagog kadrlar tayyorlash sifati holatini baholash, mavjud muammolarni aniqlash hamda ta'lim jarayonini takomillashtirishdan iboratdir.
Manba: UzA



