Pedagogika va metodika ilm-fan taraqqiyotining asosiy poydevoridir
Pedagogika va o'qitish metodikasi har qanday fan sohasining rivojlanishida hamda yutuqlarni kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim o'rin tutadi.

Fan va ta'limga oid munozaralarni kuzatganda, pedagogika va o'qitish metodikasisiz hech bir fan sohasi uzoqqa bora olmasligiga yana bir bor ishonch hosil qilish mumkin. Ayrimlar pedagogika fanini ikkinchi darajali yoki yordamchi soha deb hisoblaydi, ammo bu qarash ilm-fanning tabiatini tushunmaslikdan dalolat beradi.
Har qanday buyuk ilmiy kashfiyot, xususan Eynshteynning nisbiylik nazariyasi, Mendeleyevning davriy jadvali yoki Abu Ali ibn Sinoning tibbiy risolalari ustozlar va muallimlar orqali keyingi avlodga yetib kelgan. Agar maktabda tabiiy-ilmiy fanlar mohiyatini tushuntirib bera oladigan o'qituvchi bo'lmasa, kelajakda buyuk olimlar ham yetishib chiqmaydi. Shu bois pedagogika ilm olamining birinchi qavatdagi tamal toshidir.
Ba'zan pedagogika bo'yicha dissertatsiyalar soni ko'payib ketgani haqida asossiz e'tirozlar bildiriladi. Vaholanki, har bir sohada yuzlab tadqiqotlar olib boriladi va ularning barchasi bir xil darajada bo'lishi shart emas. Masalan, har bir fan bo'yicha bittadan dissertatsiya himoya qilinganda, pedagogika yo'nalishida bir nechta, jumladan umumiy o'qitish metodikasi yoki fizikani o'qitish metodikasiga bag'ishlangan tadqiqotlar bajarilishiga to'g'ri keladi.
Ikkinchidan, pedagogika jamiyat bilan hamqadam rivojlanadigan sohadir. O'n yil oldingi o'qitish uslubi bilan bugungi bolalarni o'qitish uslubi farq qiladi. Hozirgi yosh avlod axborot oqimi orasida ulg'aymoqda, ularning tafakkur tarzi va diqqatni jamlash qobiliyati o'zgargan. Shu o'zgarishlarga mos o'qitish yo'llarini izlash va yangi metodikalarni sinab ko'rish muhim ilmiy ish hisoblanadi.
Matematika o'qitishda murakkab formulalarni ko'rgazmali tajribalar yordamida tushuntirish bilan oddiy doska va bo'r bilan so'zlab berish o'rtasida farq katta. Har bir fanning o'z o'rgatish yo'li, tushuntirish yo'riqi bor va buni pedagogika ilmi asoslab beradi. Ilmiy institutda ishlayotgan tadqiqotchi ham o'z izlanishining metodikasini bilmasa, natijaga erisha olmaydi. Tadqiqot metodikasini shakllantirish ham metodika ilmining tarmoqlaridan biridir.
Jiddiy pedagogik tadqiqot uchun olim psixologiya, sotsiologiya va o'zi o'rgatayotgan sohaning mohiyatini bilishi talab etiladi. Shuning uchun pedagogika bilan shug'ullanayotganlarni chetlashtirish emas, balki qo'llab-quvvatlash zarur. Chunki bu soha barcha fanlar binosining poydevori bo'lib, uning xodimlarini rag'batlantirish kelajak avlodga yo'naltirilgan ishdir.
Manba: UzA


