Pedagoglar attestatsiyasida toifalarga qanday ballar talab etiladi?
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko'ra, o'qituvchilar attestatsiyadan o'tishda to'plagan ballari asosida malaka toifalariga ega bo'ladilar.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qaroriga asosan, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o'tkazish jarayonida ularning ikki bosqichda to'plagan umumiy ballari hal qiluvchi ahamiyatga ega. Har bir toifa bo'yicha talab etiladigan mezonlar turlicha belgilangan.
Oliy malaka toifasidagi pedagoglar
Oliy malaka toifasi yoki bosh o'qituvchi lavozimidagi xodimlar ikki bosqich natijasiga ko'ra 80 va undan yuqori ball to'play olsa, sinovdan muvaffaqiyatli o'tgan hisoblanadi va ularning oliy toifasi o'zgarishsiz qoladi. Agar ko'rsatkich 80 balldan kam bo'lsa, pedagog attestatsiyadan o'tmagan deb topilib, birinchi malaka toifasi, ya'ni yetakchi o'qituvchi lavozimiga tushiriladi (navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashganlar bundan mustasno).
Birinchi malaka toifasidagi pedagoglar
- 80 va undan yuqori ball to'plagan taqdirda unga oliy malaka toifasi beriladi;
- 70 balldan 79 ballgacha natija qayd etilsa, birinchi malaka toifasi saqlanib qolinadi;
- 70 balldan kam ball to'plaganlar ikkinchi malaka toifasi, ya'ni katta o'qituvchi lavozimiga tushiriladi.
Ikkinchi malaka toifasidagi pedagoglar
- 70 va undan yuqori ball olsa, birinchi malaka toifasi beriladi;
- 60 balldan 69 ballgacha to'planganda ikkinchi malaka toifasi o'z saflarida qoladi;
- 60 balldan kam natija qayd etilsa, mutaxassis (oliy ma'lumotli o'qituvchi) lavozimiga tushiriladi.
Mutaxassislar uchun talablar
Mutaxassis yoki oliy ma'lumotli o'qituvchi lavozimidagi xodimlar uchun mezonlar quyidagicha:
- 60 va undan yuqori ball to'plansa, ikkinchi malaka toifasi yoki katta o'qituvchi lavozimi beriladi;
- 55 balldan 59 ballgacha to'plaganlar o'z mutaxassis lavozimini saqlab qoladi;
- 55 balldan kam natija ko'rsatganlar attestatsiyadan o'tmagan hamda egallab turgan mutaxassis lavozimiga nomuvofiq deb topiladi.
Manba: Kun.uz



