Qashqadaryoda "Turon" maktab teatri ko'rik-tanlovining viloyat bosqichi g'oliblari ma'lum bo'ldi
Qarshi shahrida o'tkazilgan "Turon" maktab teatri respublika tanlovining Qashqadaryo viloyat bosqichida eng faol jamoalar aniqlandi.

Maktab o'quvchilarining ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish maqsadida tashkil etiladigan an'anaviy "Turon" maktab teatri respublika tanlovining Qashqadaryo viloyati bosqichi o'tkazildi. Mazkur tadbir Qarshi shahridagi viloyat musiqali drama teatrida bo'lib o'tdi.
Viloyat bosqichida tuman va shahar saralash bosqichlarida eng yuqori natija ko'rsatib, g'oliblikni qo'lga kiritgan jami 16 ta jamoa ishtirok etdi. Qashqadaryo viloyat "Kelajak markazi" direktori Gulruh Xolmurodovaning ta'kidlashicha, mazkur hududiy bosqichda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan jami 120 nafarga yaqin o'quvchi o'z iste'dodini namoyon qildi. Sahnaga chiqqan yoshlar nafaqat davrning dolzarb masalalarini, balki o'tmish va ajdodlarimiz hayot tarzini ham mahorat bilan ko'rsatib berdi.
G'olib jamoalar aniqlandi
Qizg'in va murosasiz kechgan chiqishlardan so'ng hakamlar hay'ati yakuniy natijalarni e'lon qildi. Unga ko'ra:
- 1-o'rin Qarshi tumanidagi 71-maktab jamoasiga berildi.
- 2-o'rinni Kasbi tumani 16-maktab jamoasi qo'lga kiritdi.
- 3-o'rin Qarshi shahar 5-maktab jamoasiga nasib etdi.
Birinchi o'rinni qo'lga kiritgan Qarshi tumanidagi 71-maktab jamoasi sardori Shahrizoda Do'stmurodovaning so'zlariga ko'ra, ular o'z chiqishlarida zamonaviy gadjetlar va virtual olamga berilib, kitob o'qishdan yiroqlashayotgan hamda ilmga intilayotgan yoshlar obrazlarini solishtirishgan. Endilikda ushbu jamoa tanlovning respublika bosqichida qatnashib, Germaniya safariga borishni maqsad qilgan.
Tanlov yakunida barcha g'olib va faol ishtirokchi o'quvchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg'alari topshirildi.
Manba: UzA


