Qashqadaryoda yoshlar ta'limi va zamonaviy kasb-hunar o'rgatish masalalari muhokama qilindi
Qashqadaryo viloyatida yoshlar ta'limi, ularning salohiyatini ro'yobga chiqarish va zamonaviy kasb-hunarlarga o'rgatish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag'ishlangan uchrashuvida yoshlar ta'limi, ularning salohiyatini ochib berish hamda zamonaviy kasblarga o'qitish masalalari muhokama qilindi. Hududning kelgusidagi taraqqiyoti, yangi ish o'rinlari va aholi farovonligi bilimli va malakali yoshlarga bevosita bog'liqligi ta'kidlandi.
Yoshlar erishayotgan yutuqlar
Viloyat yoshlarining ko'rsatayotgan natijalari e'tiborga molik. Jumladan, Qarshi shahridagi Prezident maktabi o'quvchilarining Cambridge imtihonlarida 98 foiz natija qayd etgani, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o'quvchilarining "Zakovat" intellektual turnirida g'olib bo'lgani yuqori salohiyatdan dalolat beradi. Shuningdek, kosonlik o'quvchi Murodjon Halimovning SAT imtihonida eng yuqori 1600 ball to'plagani yoshlarning nufuzli xalqaro universitetlarda o'qish imkoniyatiga ega ekanini ko'rsatadi. Bu kabi imkoniyatlar faqat ayrim iqtidorli o'quvchilar bilan cheklanib qolmay, har bir tuman, mahalla va olis qishloqlardagi yoshlarni ham qamrab olishi zarur.
Kasbiy ta'lim va iqtisodiyot uyg'unligi
Bugungi mehnat bozori yoshlardan diplom bilan birga amaliy ko'nikmalar, xorijiy tillar va raqamli texnologiyalarni talab qilmoqda. Qashqadaryoda gaz-kimyo sanoati, energetika va qishloq xo'jaligi rivojlanayotgani malakali muhandislar, texnologlar, dasturchilar hamda agronomlarga ehtiyojni oshirmoqda. Shu maqsadda Qarshi shahridagi Ilg'or kasbiy mahorat texnikumi tajribasi qo'llanilmoqda. Germaniyada malaka oshirgan 32 nafar usta viloyatdagi 57 ta texnikum pedagoglariga o'z tajribasini yetkazmoqda. Har yili 10-11 sinflarning 2,5 ming nafar o'quvchisiga kasb o'rgatilishi, Germaniyalik o'qituvchilar tomonidan 1,5 ming nafar yoshga nemis tili va kasbiy ko'nikmalar o'rgatilishi yo'lga qo'yilgan.
Istiqboldagi vazifalar
Yoshlarning xalqaro yutuqlarga erishishi uchun malakali ustozlar, zamonaviy jihozlar va fan to'garaklari muhim. Maktablarda aniq fanlar hamda xorijiy tillarni o'qitish sifatini oshirish, olimpiadalarga tayyorlash tizimini kengaytirish lozim. Shuningdek, yoshlarning xorijda tahsil olishi, xalqaro ilmiy loyihalarda qatnashishi hamda o'z yurtida munosib ish topib, hudud taraqqiyotiga o'z hissasini qo'shishi uchun barcha sharoitlar yaratilishi ta'kidlandi.
Manba: UzA



