Qishloq maktablariga yuzlab kitoblar topshirildi
“Asia Trans Gas” kompaniyasi tashabbusi bilan reschdagi qishloq maktablari kutubxonalariga badiiy va o'quv adabiyotlari to'plamlari topshirildi.

“Asia Trans Gas” MChJ QK xodimlari o'zlari tahsil olgan qadrdon maktablariga 100 tadan yangi kitob topshirishdi. Ushbu “Qadrdon maktabimga 100 ta kitob” tashabbusi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-yanvardagi PQ-9-son “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o'rtasida kitob o'qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Hududlardagi maktablar qamrovi
Joriy yilda qo'shma korxonaning ishlab chiqarish obyektlari yaqinida joylashgan uchta ta'lim muassasasi loyiha ishtirokchisiga aylandi:
- Buxoro viloyati Kogon tumanidagi 19-sonli maktab;
- Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 58-sonli maktab;
- Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi 20-sonli umumta'lim maktabi.
Har bir maktab kutubxonasiga o'zbek, rus va ingliz tillaridagi badiiy va bolalar adabiyoti, lug'at, ensiklopediya hamda ma'rifiy nashrlardan iborat 100 tadan kitob to'plami yetkazib berildi.
Uchrashuv va muloqotlar
Kompaniya xodimlari maktablarga shunchaki kitob yuborish bilan cheklanmay, o'zlari tahsil olgan maskanlarga borishdi. Bitiruvchilar 9-sinf o'quvchilari bilan uchrashib, kasb tanlash, ta'lim olish va o'quv yillarida olingan bilimlar kelajakda qanchalik muhim ahamiyat kasb etishi haqida o'z tajribalaridan kelib chiqib so'zlab berishdi. Bunday samimiy muloqotlar va kitoblar taqdimoti o'quvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Manba: UzA


