Taxiatoshda bog'cha hamshiralarining kechiktirilgan ish haqlari to'lab berildi
Taxiatosh tumanidagi olti nafar bog'cha hamshirasining 24,1 million so'm ish haqi Majburiy ijro byurosi aralashuvi bilan undirildi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Fuqarolik ishlari bo'yicha Nukus tumanlararo sudining joriy yil 31-mart kungi qaroriga binoan, Taxiatosh tumani Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limidan oltita bolalar bog'chasi hamshirasining foydasiga 24,1 million so'm undirilishi belgilangan edi. Biroq mas'ullar tomonidan sud qarori o'z vaqtida bajarilmadi va xodimlarning oylik maoshlari berilmadi.
MIB aralashuvi va ko'rilgan choralar
Shundan so'ng hamshiralar ijro varaqalari ijrosini ta'minlashni so'rab Majburiy ijro byurosining Taxiatosh tuman bo'limiga murojaat qilishdi. Byuro xodimlari qarzdor tashkilot rahbarlariga sud hujjatlari ijro etilmasa, qo'shimcha ijro yig'imi hamda ma'muriy jarima qo'llanilishini tushuntirdilar. Shuningdek, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorning asosiy bank hisob raqamlari xatlovdan o'tkazilib, ularga tegishli mol-mulklarga band solindi.
Natija
Ko'rilgan majburiy ijro choralari natijasida 6 nafar hamshiraning jami 24 million so'mdan ortiq bo'lgan qarzdorlik ish haqlari to'liq undirib berildi.
Manba: UzA

