Qoraqalpogistonlik talabalar xalqaro matematika olimpiadasida sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritdi
Ashxobod shahrida o'tkazilgan OMOUS-2026 xalqaro fan olimpiadasida o'zbekistonlik talabalar kumush va bronza medallarini qo'lga kiritdi.

Turkmaniston Respublikasining Ashxobod shahrida matematika fanidan VI Open Mathematical Olympiad for University Students – OMOUS-2026 xalqaro fan olimpiadasi bo'lib o'tdi. Joriy yilning 23 – 28-mart kunlari tashkil etilgan ushbu nufuzli musobaqada O'zbekiston, Rossiya, Germaniya, Gretsiya, Eron, Vengriya, Niderlandiya, Tojikiston va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlardan jami 87 ta jamoa o'z bilimini sinovdan o'tkazdi. Shu jumladan, Turkmanistonning yetakchi OTMlari qatorida mamlakatimizdan ham bir nechta oliygoh vakillari qatnashdi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti yutuqlari
Mazkur xalqaro fan olimpiadasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabalari muvaffaqiyatli qatnashdi. Xususan, Qoraqalpoq davlat universitetining Matematika fakulteti talabasi Indira Satniyazova yuqori natija ko'rsatib, kumush medalga sazovor bo'ldi. Shuningdek, ushbu universitet talabalaridan Damir Dilmuratov, Sunkat Maksatov, Fayzulla Maxambetaliyev, Ikrom Jumaboyev, Akmal Allambergenov, Aydos O'serboyev, Ravshanoy Yo'ldosheva, Ilyas Jengisboyev va Hurliman Qo'yliboyeva bronza medallarini qo'lga kiritdi. Bundan tashqari, universitetning ikki jamoasi jamoaviy hisobda ham muvaffaqiyat qozonib, bronza medali bilan taqdirlandi.
Nukus davlat pedagogika instituti talabalarining natijalari
Nukus davlat pedagogika institutining matematika va informatika ta'lim yo'nalishi 4-kurs talabalari Bahram Allakuatov, Ismetulla Naurizbayev, Umida Maxsutova hamda matematika ta'lim yo'nalishi 2-kurs talabasi Sayipbek Nuratdinov yakkalik bahslarida muvaffaqiyatli qatnashib, 3-o'rinni egalladi va har biri bronza medaliga sazovor bo'ldi. OMOUS xalqaro ochiq fan olimpiadasi iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning tahliliy hamda mantiqiy fikrlashini rivojlantirish bilan birga, matematika yo'nalishida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Manba: UzA



