Respublika OTM rektorlari ishtirokida yangi farmon loyihasi muhokama qilindi
Samarqandda oliy ta'lim tizimini transformatsiya qilishga qaratilgan farmon loyihasi muhokama etildi va "Yashil oliygoh" g'olibi taqdirlandi.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalari rektorlari ishtirokida muhim yig'ilish o'tkazildi. Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar tizimini tubdan transformatsiya qilishga oid chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoni loyihasi atroflicha ko'rib chiqildi.
Farmon loyihasining strategik ahamiyati
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o'rinbosari Ilhom Sirojev va Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov mazkur hujjatning sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishdagi o'rniga to'xtalib o'tdi. Shuningdek, hujjat orqali OTMlar faoliyati samaradorligini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot jarayonlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangani urg'ulandi.
Shu bilan birga, Ta'lim sifatini ta'minlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yuldashev va Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o'rinbosari Sardor Rajabov loyihaning asosiy yo'nalishlari hamda kutilayotgan natijalar yuzasidan taqdimot qilishdi. Taqdimot davomida universitetlar boshqaruvini takomillashtirish, sifatni baholashni xalqaro talablarga moslashtirish va ilm-fanni ishlab chiqarish bilan bog'lash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Muhokamalar jarayonida rektorlar oliy ta'lim muassasalarining xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirish bo'yicha o'z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
"Yashil oliygoh" g'olibiga sovg'a
Yig'ilish doirasida respublika oliy ta'lim muassasalari o'rtasida tashkil etilgan "Yashil oliygoh" tanlovi g'olibi aniqlandi. Unga ko'ra, Jizzax politexnika instituti g'olib deb topilib, Prezident sovg'asi sifatida BYD Chazor elektromobili bilan taqdirlandi.
Mazkur institut 24 gektarlik hududining 21 gektarida 22 ming tupdan ortiq daraxt ekib, keng yashil maydon barpo etgan. Shuningdek, hududda tomchilatib sug'orish tizimi ishga tushirilib, quvvati 650 kVt bo'lgan quyosh panellari o'rnatilgan. Tadbir yakunida ishtirokchilar "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti hududiga ko'chatlar ekishdi.
Manba: UzA



