Samarqand davlat universiteti o'zining 606 yilligini keng nishonlamoqda
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti o'zining 606 yilligini nishonlamoqda. Universitet ma'muriy binosiga Amir Temur davlati bayrog'i o'rnatildi.

Ayni kunlarda Samarqand shahrida Samarqand davlat universiteti kuni munosabati bilan keng ko'lamli tadbirlar tashkil etilmoqda. Mirzo Ulug'bek oliy madrasasining vorisi bo'lgan Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti 606 yilligini nishonlamoqda. Ushbu sana 1420-yil 21-sentabrda Samarqanddagi Mirzo Ulug'bek madrasasida ilk darslar boshlangan davr bilan bog'liq.
Tadbirlar doirasida universitet rahbarlari va viloyat jamoatchiligi vakillari Amir Temur maqbarasini ziyorat qilishdi. Shundan so'ng, oliygoh ma'muriy binosida ma'rifiy yuksalish ramzi sifatida Amir Temur saltanati bayrog'i baland ko'tarilib, o'rnatildi.
Universitet rektori, fan arbobi Rustam Xolmurodov mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasasida ilk marotaba o'rnatilayotgan mazkur ramziy bayroq buyuk ajdodimizning davlatchilik siyosati, bunyodkorlik ishlari hamda ilm-fan taraqqiyotiga qo'shgan ulkan hissasini doimo yodga solib turishini qayd etdi.
Bayramona tadbirlar keyinchalik universitet xiyobonida davom etdi. Mazkur marosimda Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev ishtirok etib, oliygoh professor-o'qituvchilari hamda talabalarni ushbu qutlug' tarixiy sana bilan muborakbod etdi.
Manba: UzA



