Samarqand ilm-fan maktabining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ta'siri qanday bo'lgan?
Mirzo Ulug'bek asos solgan Samarqand ilmiy maktabining kashfiyotlari va ilmiy merosi Sharq va Yevropa ilm-fani rivojiga qanday ta'sir ko'rsatgani haqida.

Mirzo Ulug'bek asos solgan Samarqand ilmiy maktabi va uning bebaho merosi faqatgina Turon hududi bilan chegaralanib qolmagan. Bu ilm dargohida yaratilgan kashfiyotlar, ishlab chiqilgan usullar va yozilgan asarlar butun Sharq, hatto Yevropa ilm-fani rivojiga ham kuchli ta'sir ko'rsatgan. Ulug'bek rasadxonasi faoliyati to'xtaganidan so'ng uning shogirdlari va u yerda to'plangan bilimlar turli o'lkalarga tarqalib, yangi ilmiy maktablarning shakllanishiga sabab bo'ldi. Bu jarayon, ayniqsa, Usmoniylar saltanati va Boburiylar Hindistoni misolida yaqqol namoyon bo'ladi.
Ali Qushchi va Usmoniylar ilm-fanidagi burilish
Samarqand ilmiy maktabining jahonga tarqalishida Ulug'bekning sevimli shogirdi, matematik va astronom Ali Qushchi muhim o'rin tutadi. Ustozi fojiali halok bo'lgach, Samarqanddagi beqaror vaziyat sababli ilmiy merosni saqlab qolish maqsadida Tabrizga, so'ngra Usmoniylar saltanatining poytaxti Istanbulga yo'l oladi. Sulton Mehmed Fotih olimni Istanbuldagi eng nufuzli o'quv yurti – Ayo Sofiya madrasasiga mudir etib tayinlaydi. Ali Qushchi o'zi bilan birga aniq fanlar, xususan, matematika va astronomiya sohasidagi chuqur bilimlarni olib keldi. Turk tarixchisi Ixsan Fazlio'g'lining tadqiqotlariga ko'ra, aynan Samarqand matematika-astronomiya maktabi Usmoniylar falsafasi va fani uchun poydevor vazifasini o'tagan.
Ali Qushchi Istanbulda Samarqand madrasalari uslubida ta'lim tizimini isloh qilib, aniq fanlarni o'qitishni kuchaytirdi va ko'plab shogirdlar yetishtirdi. Uning “Risola fil-hay'a” hamda “Risola fil-hisob” kabi asarlari Usmoniylar madrasalarida asrlar davomida asosiy darsliklar sifatida o'qitildi. Shuningdek, Ulug'bekning asosiy asari – “Ziji jadidi Ko'ragoniy” XVII asrda turk tiliga tarjima qilingani ham Samarqand ilmiy merosiga qiziqish uzoq vaqt so'nmaganini ko'rsatadi.
Hindiston va Yevropadagi ilmiy izlanishlar
Tarixchi olima Feruza Shomukaramovaning yozishicha, Ulug'bek ilmiy merosining yana bir muhim yo'nalishi Hindiston bilan bog'liq. Samarqand rasadxonasi faoliyati haqidagi ma'lumotlar Hindistonda katta qiziqish uyg'otdi. Xususan, XVIII asrda yashagan hind hukmdori va olimi Savay Jay Singh o'z faoliyatida Ulug'bek maktabi yutuqlariga tayangan. U Dehli va Jaypur shaharlarida rasadxonalar qurdirar ekan, loyihalash va asboblar yasashda Samarqand olimlarining asarlaridan keng foydalangan. Olim Razaulloh Ansoriyning tadqiqotlarida ham bu ta'sir atroflicha tahlil qilingan.
“Ziji Ko'ragoniy”ning shuhrati asrlar osha Yevropaga ham yetib bordi va uning qo'lyozmalari dunyo kutubxonalariga tarqaldi. 1648-yilda Oksfordda ingliz sharqshunosi Jon Grivz “Zij”ning geografik jadvallarini nashr ettirdi. Keyinchalik boshqa yevropalik olimlar ham Ulug'bekning yulduzlar katalogini o'rganib, uning aniqligiga yuqori baho berdilar. 1917-yilda amerikalik olim E.B.Nobl Vashingtonda “Zij”ning tanqidiy nashrini amalga oshirdi. Bu esa Samarqand ilmiy maktabi nafaqat Sharq, balki G'arb G'arb ilm-fani taraqqiyotida ham muhim o'rin tutganini tasdiqlaydi.
Manba: UzA



