Samarqandda oliy ta'lim muassasalari faoliyati va bitiruvchilar bandligi o'rganildi
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov Samarqand viloyatida bo'lib, talabalar loyihalari va dual ta'lim jarayonlari bilan tanishdi.

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov Samarqand viloyatida bo'lib, oliy ta'lim muassasalari faoliyati, o'quv hamda ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, bitiruvchilar bandligini ta'minlash masalalari muhokama qilindi.
Vazir Kattaqo'rg'on tumanidagi Boltabek mahallasida Mirzo Ulug'bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti talabalari, magistrlari va yosh tadqiqotchilari ishlab chiqqan loyihalar bilan tanishdi. Tumanda og'ir toifaga kiruvchi 9 ta mahalla belgilangan bo'lib, yoshlar o'z takliflarini taqdim etdi.
Prezident raisligida 23 yanvar kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishi topshiriqlari ijrosi doirasida universitetning shahar qurilishi, kommunal infratuzilmani boshqarish, geodeziya, arxitektura, qurilish, shaharsozlik va iqtisodiyot yo'nalishlari bitiruvchilari, magistrlari hamda tadqiqotchilari Samarqand viloyatidagi 103 ta mahallaga biriktirilgan. Ular maxsus shtabda mahallalarning master rejalarini ishlab chiqish bo'yicha takliflar tayyorlamoqda. Bunda infratuzilmani yaxshilash, qurilish, energetika, qishloq xo'jaligi, tadbirkorlik va xizmatlar sohasini rivojlantirishga e'tibor qaratilmoqda.
Dual ta'lim va korxonalar hamkorligi
Qo'ng'irotboy Sharipov Samarqand tumanidagi Stekloplastik korxonasida bo'lib, dual ta'lim jarayonlarini ko'zdan kechirdi. Zavodda ta'lim va tibbiyot muassasalari uchun laboratoriya vositalari, sport jihozlari va mebellar ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda tumandagi texnikumlar o'quvchilari dual ta'lim asosida nazariy bilimlarini amalda mustahkamlab, o'qib ham ishlamoqda. Korxonada yaratilgan zamonaviy laboratoriya va ishlab chiqarish maydonlari bo'lajak mutaxassislarning malaka oshirishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, Samarqand davlat iqtisodiyot va servis institutida Vazir va yoshlar uchrashuvi o'tkazildi. Unda yoshlar bandligini ta'minlash, ularni startap loyihalar va tadbirkorlikka keng jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Oliy ta'limdagi ustuvor vazifalar
Safar yakunida viloyat hokimligi, oliy o'quv yurtlari rahbarlari va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida yig'ilish o'tkazildi. Unda bitiruvchilar bandligini ta'minlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni kuchaytirish, ta'limga xorijiy investitsiya hamda grantlarni jalb etish masalalari ko'rib chiqildi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 19 ta oliy ta'lim tashkilotida 116 mingdan ortiq talaba o'qimoqda. 2026 yilda OTMlar faoliyatining asosiy mezoni bitiruvchilarning ish bilan ta'minlanishi bo'ladi. Dual ta'lim elementlari joriy etilgan dasturlar ulushini kamida 25 foizga yetkazish, xalqaro reytinglardagi universitetlar bilan qo'shma ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yish hamda karera markazlari faoliyatini kuchaytirish zarurligi ta'kidlandi.
Yig'ilishda viloyatdagi 57 ta texnikum faoliyati ham tahlil qilinib, dual ta'lim qamrovini 20 foizga yetkazish va xalqaro ta'lim dasturlarini kengaytirish bo'yicha vazifalar belgilandi.
Manba: UzA



