Olmaliqdagi maktabda 10-sinf o'quvchisi vafot etdi
Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi maktabda 10-sinf o'quvchisi vafot etdi. Holat yuzasidan boshqarma munosabat bildirdi.
Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 5-sonli umumta'lim maktabida ko'ngilsiz hodisa yuz berdi. Maktabning 10-sinf o'quvchisi bo'lgan 2009 yilda tug'ilgan K. Ye. 2026 yil 28 yanvar kuni maktab yo'lagida hushini yo'qotgan. Ko'rsatilgan dastlabki tibbiy yordamlarga qaramay, o'quvchi qiz vafot etgan.
Holat tafsilotlari va e'tirozlar
Sukut Saqlama loyihasi marhumaning sinfdoshi bo'lgan ota-onaning so'zlariga tayanib ma'lum qilishicha, fojiaga kuchli stress oqibatida tromb hosil bo'lishi sabab bo'lgan. Ta'kidlanishicha, maktabda o'quvchi qiz haqida tarqalgan mish-mishlar ortidan ota-onalar qo'mitasi vakili tashabbusi bilan yig'ilish o'tkazilgan. Ushbu yig'ilishga ichki ishlar xodimlari ham chaqirtirilgan.
Suhbat jarayonida gumon qilingan qizlar alohida xonaga chaqirilib, erkaklar ishtirokida qo'pol ohangda dashnom berilgani aytilmoqda. Marhumaning ota-onasi bolalarni ogohlantirmasdan bunday tadbirlar uyushtirilgani va bosim o'tkazilganidan noroziligini bildirgan. Shuningdek, ma'muriyat va mutasaddi shaxslar holatga munosabat bildirmayotgani ta'kidlangan.
Rasmiy munosabat
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi rasmiy munosabat tarqatdi. Hozirgi vaqtda huquq-tartibot organlari tomonidan hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma'lum qilindi. Rasmiy tekshiruvlar nihoyasiga yetgach, yakuniy xulosalar e'lon qilinishi bildirilgan.
Manba: Kun.uz


