Sho'rchi tumanida maktab bitiruvchilari va o'qituvchilar bilan ochiq muloqotlar o'tkazilmoqda
Surxondaryo viloyatining Sho'rchi tumani hokimi umumta'lim maktablarida ustozlar va bitiruvchi yoshlar bilan uchrashuvlar o'tkazmoqda.

Surxondaryo viloyatining Sho'rchi tumani hokimi Akbarali Ishmurzoyev umumta'lim maktablarida bo'lib, ta'lim sifatini oshirish va 11-sinf o'quvchilarining fanlarni chuqur o'zlashtirishi borasidagi ishlar bilan tanishmoqda. Uchrashuvlarda yoshlarning oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirishi hamda kelajakda o'z yo'nalishini topishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida so'z yuritilmoqda.
Tumandagi 3- va 36-umumta'lim maktablarida o'tkazilgan shunday muloqotlarda tuman rahbari o'g'il-qizlarga mustaqil hayotga tayyorgarlik ko'rish, aniq bir kasbni egallash hamda ota-ona va ustozlar tavsiyalariga tayanish muhimligini ta'kidladi. Shuningdek, o'quvchilarga a'lo baholarda o'qish bo'yicha o'z tavsiyalarini bildirdi.
Pedagoglar bilan bo'lgan suhbatlarda esa har bir bitiruvchining orzusini ro'yobga chiqarishda ustozlarning mas'uliyati muhimligi qayd etildi. O'qituvchilarning doimiy izlanishi va ta'lim sifatini oshirish yo'lidagi mehnati yoshlarning kelajagida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.
Ma'lumot uchun, joriy yilda Sho'rchi tumanidagi 75 ta umumta'lim maktabini 2 ming 800 nafardan ortiq o'g'il-qiz bitirishi rejalashtirilgan. Tuman rahbarining maktablardagi bunday uchrashuvlari bitiruvchilarning chuqur bilim olishiga va jamiyatda o'z o'rnini topishiga ko'maklashadi.
Manba: UzA


