Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va tojikistonlik oliygoh hamkorlik o'rnatdi
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Sotim Ulug'zoda nomidagi Tojikiston xalqaro chet tillari universiteti hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Poytaxtimizda o'tkazilgan "Markaziy Osiyo - ta'lim, fan va innovatsiyalarning yangi makoni" nomli xalqaro ta'lim forumi doirasida muhim kelishuvga erishildi. Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Sotim Ulug'zoda nomidagi Tojikiston xalqaro chet tillari universiteti o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Akademik aloqalar va tajriba almashish
"Xovar" axborot agentligi ma'lumotlariga ko'ra, mazkur hujjat ikki mamlakat oliy o'quv yurtlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam sanaladi. Shartnoma akademik hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ta'lim va ilmiy yo'nalishlarda tajriba almashish hamda qo'shma tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi.
Talabalar uchun yangi imkoniyatlar
Ushbu hamkorlik ta'lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Talabalar uchun xorijiy ta'lim muassasalarining ilg'or tajribasini o'rganish, kasbiy bilim hamda ko'nikmalarini muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratiladi.
Manba: UzA



