Sirdaryoda homilador o'qituvchining buzilgan mehnat huquqlari tiklandi
Sirdaryo tumanidagi maktabda homilador pedagogning shartnomasi noqonuniy bekor qilingandi.

Sirdaryo tumanidagi 2-umumta'lim maktabida pedagog bo'lib ishlagan B. Xolmurodovaning mehnat huquqlari adliya organlari aralashuvi bilan himoya qilindi. Ma'lum bo'lishicha, maktab direktori buyrug'i bilan xodim bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasi uning muddati tugagani vajidan bekor qilingan. Holbuki, xodima shartnoma tugatilishidan oldin homilador ekanini bildirgan va tegishli tibbiy ma'lumotnomani ham taqdim etgan edi. Fuqaroning murojaatidan keyin Sirdaryo tuman adliya bo'limi mutaxassislari tomonidan vaziyat o'rganib chiqildi. O'rganish jarayonida amaldagi mehnat qonunchiligi talablari buzilgani ma'lum bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 408-moddasiga ko'ra, ayol homiladorligi davrida muddatli mehnat shartnomasining muddati tugasa, uning yozma arizasi va tibbiy ma'lumotnomasi asosida ish beruvchi shartnomani homiladorlik tugaguniga qadar, shuningdek homiladorlik va tug'ish ta'tili berilgan hollarda esa ushbu ta'til oxirigacha uzaytirib berishi shart. Qonunbuzilish holatlari aniqlangach, tuman adliya bo'limi tomonidan maktab ma'muriyatiga uni bartaraf etish haqida taqdimnoma kiritildi. Ko'rilgan huquqiy choralar natijasida B. Xolmurodova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qaytadan tiklandi va uning qonuniy huquqlari to'liq ta'minlandi.
Manba: UzA


