Samarqandda minglab o'quvchilar sertifikat olib, o'qishga imtiyozli qabul qilinmoqda
Samarqand viloyati maktab bitiruvchilarining minglab nafari milliy va xalqaro sertifikatlarga ega chiqib, OTMlarga kirish testlaridan ozod etildi.

Samarqand viloyatidagi maktablarning joriy yilgi bitiruvchilaridan qariyb 2 ming nafari umumta'lim fanlari va xorijiy tillar bo'yicha milliy, 1 ming nafardan ortig'i xalqaro sertifikatlarga ega bo'ldi. Shuningdek, 200 nafar bitiruvchi muddatidan avval AQSH hamda Yevropaning nufuzli universitetlariga talabalikka qabul qilindi.
Oliy ta'lim muassasalariga kirish testlari o'tkazilayotgan davrda 677 mingdan ziyod abituriyentning 13 ming nafarga yaqini barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo'lgani sababli sinovlardan ozod etilib, to'g'ridan-to'g'ri tanlov bosqichiga o'tkazildi. Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotiga ko'ra, umumta'lim fanlari bo'yicha 193 186 nafar, chet tillari bo'yicha esa 125 354 nafar abituriyent tegishli sertifikatga ega bo'lgani bois o'sha fanlardan imtihon topshirmaydi. Ushbu ko'rsatkichlar yoshlarning maktab davridayoq chuqur bilim olishga va o'z yo'nalishi bo'yicha sertifikat qo'lga kiritishga intilishi ortib borayotganini ko'rsatadi.
Ta'limdagi o'zgarishlar va yutuqlar
Mutasaddilarning ta'kidlashicha, erishilayotgan natijalar zamirida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, o'qituvchilarning mavqei mustahkamlangani va mehnatiga munosib haq to'lanayotgani muhim o'rin tutmoqda. Keyingi yillarda maktablarning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, Prezident va ixtisoslashgan maktablar tashkil etildi. Shuningdek, nodavlat ta'lim sektori ham kengayib, sog'lom raqobat muhiti yaratildi. Viloyatda maktabgacha ta'lim qamrovi 20,9 foizdan 70 foizga, bolalarni maktabga tayyorlash ko'rsatkichi 95 foizga yetdi.
Ta'lim jarayonlarining raqamlashtirilishi o'qituvchilarning ortiqcha qog'ozbozlikdan xalos bo'lishini ta'minladi. O'qituvchilarning milliy va xalqaro sertifikatlarga egaligi ularning oylik maoshlariga ustamalar belgilashga asos bo'lmoqda. Xususan, Samarqand viloyatida 1000 AQSH dollari va undan ko'p miqdorda oylik oluvchi pedagoglar soni yildan-yilga ko'payib, 2025-yilda 249 nafarga yetdi.
Xalqaro grantlar va olimpiada g'oliblari
Bitiruvchilar orasida xorijiy OTMlarga yirik grantlar asosida o'qishga kirganlar talaygina. Jumladan, Urgut tumanidagi 152-maktab bitiruvchisi Shohjahon Meliqulov 17 ta xorijiy universitetga qabul qilinib, jami 1 million dollarlik grantni qo'lga kiritdi. Samarqand shahridagi 58-maktab bitiruvchisi Firdavs Fayzullayev hamda 17-maktab o'quvchisi Abdujaloliddin Nodirjonov AQSH universitetlaridan mos ravishda 290 va 200 ming dollarlik grantlarga sazovor bo'ldi. Kattaqo'rg'on tumanidagi 1-ixtisoslashgan maktab o'quvchisi Ashrafjon Ravshanov esa xalqaro matematika olimpiadalarida oltin va kumush medallarni qo'lga kiritdi.
Manba: UzA


