Sirdaryoda «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasi uchun saralash imtihonlari o'tkazildi
Sirdaryo viloyatida 700 nafar 8-sinf o'quvchisi «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasiga saralash sinovlarida qatnashdi.

Sirdaryo viloyatining shahar va tumanlaridan saralangan 700 nafar 8-sinf o'quvchisi Guliston shahridagi 2-sonli umumta'lim maktabida tashkil etilgan «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasining saralash imtihonida qatnashdi. Sinov jarayonlari Sirdaryo viloyati hokimligi, Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligining viloyat hududiy bo'linmasi hamkorligida tashkil etildi.
Imtihon davomida o'quvchilarning mantiqiy hamda tanqidiy fikrlashi, axborot texnologiyalari bo'yicha boshlang'ich bilimlari, ingliz tilini o'zlashtirganlik darajasi va muammoli masalalarni yechish ko'nikmalari sinovdan o'tkazildi. Topshiriqlar yoshlarning ma'lumotlarni tahlil qilish, mustaqil ravishda mantiqiy xulosa chiqarish hamda amaliy yechimlar topish qobiliyatlarini baholashga qaratildi.
Loyihaning asosiy maqsadi
«Muhammad al-Xorazmiy vorislari» tashabbusi iqtidorli yoshlarni o'z vaqtida aniqlash, ularni raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o'rganishga yo'naltirish maqsadini ko'zlaydi. Mazkur sinovlarda eng yuqori ko'rsatkichlarni qayd etgan ishtirokchilar loyiha doirasida o'qishni davom ettirib, IT yo'nalishlari va chet tillarini chuqurlashtirilgan tarzda o'rganish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Loyihaning muhim yo'nalishlaridan biri maktab o'quvchilarini ilk yoshdan boshlab zamonaviy kasb-hunarlarga yo'naltirish, shuningdek, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun qulay ta'limiy muhitni shakllantirishdan iboratdir. Guliston shahrida bo'lib o'tgan saralash sinovlari ham aynan ana shu maqsadlar ijrosini ta'minlashga xizmat qildi.
Manba: UzA


