Suniy intellekt xorijdagi talabalar uchun esse yozib pul topgan keniyaliklarni ishsiz qoldirdi
ChatGPT paydo bo'lgach, chet eldagi talabalar uchun pul evaziga akademik ishlar yozib daromad topgan keniyalik yoshlarning biznesi keskin qisqardi.
Keniya yoshlari dunyoning turli mamlakatlarida o'qiyotgan talabalarning topshiriqlarini bajarib, daromad topish bilan shug'ullanib kelgan. Ammo sun'iy intellekt vositalari paydo bo'lgach, bunday xizmatlarga talab keskin kamaygan.
Bu holat Keniyadagi mehnat bozoridagi vaziyat bilan ham bog'liq. Mamlakat oliy ta'lim muassasalarini har yili 100 mingdan ortiq talaba tamomlaydi, biroq ularning barchasi uchun yetarli ish o'rni mavjud emas. Natijada ko'plab yoshlar internet orqali ishlashga majbur bo'lib, shunday yo'nalishlardan biri xorijdagi talabalar uchun pul evaziga akademik ishlar tayyorlash bo'lgan.
Yiliga 200 tadan ortiq esse
Bu sohada faoliyat yuritganlardan biri Teriosis Bundi 2011-yilda qishloqdan Keniya poytaxti Nayrobiga ko'chib kelib, universitetga o'qishga kirgan va do'stining taklifi bilan boshqa talabalar uchun pulga o'quv ishlari yozishni boshlagan. Keyinchalik bu faoliyat uning asosiy daromad manbaiga aylangan. Ma'lum qilinishicha, 12 yil davomida u 2,5 mingdan ortiq esse yozgan, bu o'rtacha hisobda yiliga 200 dan ortiq akademik ish degani.
Universitetni bitirgach ham Bundi bu sohani tark etmay, talabalar uchun akademik ishlar tayyorlash bo'yicha o'z onlayn biznesini tashkil qilgan. Buyurtmalar ko'paygach, ularning bir qismini boshqa talabalarga topshirib, frilans ishini kichik onlayn biznesga aylantirgan.
Bundining universitetda olgan mutaxassisligi jamoat salomatligi sohasi bilan bog'liq bo'lsa-da, u bu yo'nalishda ishlashdan voz kechgan. Sababi, boshqa talabalar uchun topshiriqlar tayyorlash unga o'z mutaxassisligi bo'yicha ishlashga nisbatan kamida besh barobar ko'proq daromad keltirgan.
ChatGPT ta'siri
Vaziyat 2022-yildan keyin keskin o'zgargan. ChatGPT ommaviy foydalanishga chiqqach, talabalarning bir qismi esse yoki boshqa yozma topshiriqni tayyorlash uchun odamga pul to'lashning hojati qolmaganini tushungan. Chunki generativ sun'iy intellekt shunga o'xshash matnlarni juda qisqa vaqt ichida va deyarli bepul tayyorlab bera ol boshlagan.
Manba: Kun.uz


