Teng imkoniyatlar sari: inklyuziv ta'lim va madaniyatni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti va xalqaro ilmiy jurnal hamkorligida inklyuziv ta'limga bag'ishlangan respublika anjumani bo'lib o'tdi.

Inklyuziv madaniyatni rivojlantirish yo'llari
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti hamda «Science and Innovation» xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida «Ta'lim jarayoni ishtirokchilarida inklyuziv madaniyatni rivojlantirish: pedagogik shart-sharoitlar va innovatsion texnologiyalar» mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi. Tadbir davomida ta'lim muhitida teng imkoniyatlarni ta'minlash, inklyuziv madaniy muhitni shakllantirish va ilg'or innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Anjuman qatnashchilari sohadagi bugungi holat, istiqbollar, mavjud dolzarb muammolar hamda ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan o'z ma'ruzalari bilan qatnashdilar. Xususan, uyda yakka tartibda ta'lim berishning O'zbekiston tajribasi, inklyuziv muhitni shakllantirishning ijtimoiy-pedagogik mexanizmlari, qo'llab-quvvatlash darajalari hamda oila, mahalla va maktab hamkorligiga oid mavzularda fikr almashildi.
Pedagogik yondashuv va o'qituvchining o'rni
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, zamonaviy ta'limning bosh vazifasi bolalarga faqat bilim berish bilangina cheklanib qolmaydi, balki ularni shaxs sifatida voyaga yetkazish, huquq va imkoniyatlarini e'zozlash hamda jamiyat hayotida faol qatnashishiga zamin yaratishni o'z ichiga oladi. Inklyuziv yondashuv har bir bolaning jismoniy, intellektual hamda ijtimoiy-madaniy xususiyatlaridan qat'i nazar, ta'lim olish huquqini kafolatlashga xizmat qiladi.
Haqiqiy inklyuziya faqat alohida ta'lim ehtiyojiga ega o'quvchilarni umumiy muhitga qo'shishni anglatmaydi, balki har bir insonni boricha qabul qilish, uning qadr-qimmatini tan olish va o'zaro hamkorlikni taqozo etadi. O'quvchilar orasidagi farqlarni muammo sifatida emas, jarayonni boyituvchi omil deb bilish muhimligi qayd etildi.
Tadbirda o'qituvchining roli alohida urg'u bilan qayd etildi. Pedagog inklyuziv muhit tashkilotchisi sifatida o'quvchilarning individual xususiyatlarini inobatga olishi, zamonaviy usullardan foydalanishi zarur. Shuningdek, o'quvchilarda tengdoshlarini hurmat qilish va o'zaro yordam ko'nikmalarini shakllantirish, ota-onalar bilan yaqindan ishlash muhim shartlardan biri sanaladi.
To'rtta sho'bada davom etgan anjuman yakunida sohani takomillashtirish, inklyuziv madaniyatni rivojlantirish va ilg'or tajribalarni ommalashtirish bo'yicha tegishli takliflar bildirildi.
Manba: UzA



