Surxondaryoda faxriy ustozlar bilan uchrashuv o'tkazildi
Surxondaryoda uzoq yillar ta'lim sohasida ishlagan faxriy pedagoglar bilan muloqot tashkil etilib, ularning tajribasi yoshlarga o'rnak ekani ta'kidlandi.

Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i Bekzod Toshpo'latov ko'p yillar davomida ta'lim sohasida samarali mehnat qilgan bir guruh faxriy ustozlar bilan uchrashdi. Samimiy tarzda o'tgan muloqot chog'ida nuroniy pedagoglarning ko'p yillik mehnati, ta'lim-tarbiya tizimi rivojiga qo'shgan hissasi hamda yosh avlodni tarbiyalashdagi xizmatlari alohida e'tirof etildi. Ularning to'plagan boy tajribasi, hayotiy saboqlari va qimmatli maslahatlari bugungi kunda faoliyat yuritayotgan pedagoglar uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Ustozlik kasbi va avlodlar davomiyligi
Tadbir davomida ustozlik kasbining mas'uliyatli ekani, avlodlar davomiyligini ta'minlash hamda ta'lim sohasida yillar davomida shakllangan ilg'or tajribalarni yosh o'qituvchilarga yetkazish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Uchrashuv yakunida ta'lim-tarbiya yo'lidagi ko'p yillik fidokorona mehnati hamda soha rivojiga qo'shgan hissasi uchun faxriy ustozlarga tashakkurnomalar va esdalik sovg'alari topshirildi.
Manba: UzA


