Surxondaryoda “Kelajak intellekti” olimpiadasi g'oliblari aniqlandi
Surxondaryo viloyatida 3-4-sinf o'quvchilari o'rtasida o'tkazilgan “Kelajak intellekti” olimpiadasining g'oliblari e'lon qilindi.

Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi 26-umumta'lim maktabida yosh avlodning intellektual salohiyati hamda bilimini aniqlashga yo'naltirilgan “Kelajak intellekti” olimpiadasining viloyat bosqichi tashkil etildi. Ushbu bilimlar bellashuvida tuman va shahar bosqichlarida muvaffaqiyat qozongan 3- hamda 4-sinf o'quvchilari qatnashdi.
Ishtirokchilar matematika va o'qish savodxonligi fanlari bo'yicha o'zlarining iqtidori va bilimini namoyon etdi. Bellashuv jarayonida o'quvchilarning tezkorligi, bilim darajasi va mantiqiy fikrlash qobiliyatlari sinovdan o'tkazildi.
G'oliblar aniqlandi
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko'ra, 3-sinflar o'rtasidagi bahslarda Termiz shahridagi 13-maktab o'quvchisi Ruxshonabonu Sodiqova birinchi o'rinni egalladi. 4-sinflar o'rtasidagi bellashuvlarda esa Muzrabot tumanidagi 10-maktab o'quvchisi Oygul Tilavova g'olib deb topildi.
Tadbir so'nggida barcha g'oliblar hamda faol ishtirokchilar viloyat Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi tomonidan diplomlar va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
Manba: UzA


