Samarqandda inklyuziv ta'lim pedagoglari o'rtasida ko'rik-tanlov o'tkazildi
Samarqand viloyatida umumta'lim maktablarining inklyuziv ta'lim sinflarida ishlaydigan maxsus pedagoglar o'rtasida tanlov g'oliblari aniqlandi.

Samarqand viloyatida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tashabbusi bilan umumiy o'rta ta'lim maktablarining inklyuziv ta'lim sinflarida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar uchun "Yilning eng faol maxsus pedagogi" tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi.
Mazkur tadbir inklyuziv ta'lim sifatini yaxshilash, maxsus pedagoglarning kasbiy mahoratini qo'llab-quvvatlash hamda ilg'or ish tajribalarini aniqlab ommalashtirish maqsadida o'tkazildi. Unda tuman va shahar bosqichlarida g'olib bo'lgan mutaxassislar o'zaro bellashdi.
Sinov shartlari va ko'rsatkichlar
Ishtirokchilar bellashuv davomida uchta shart asosida o'z bilim va salohiyatini namoyon etdi:
- amaliy ochiq korreksion-rivojlantiruvchi mashg'ulot;
- "Mening pedagogik faoliyatim" mavzusidagi taqdimot;
- kasbiy bilim va kompetensiyalar sinovi (savol-javob).
Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi mas'ul xodimi Samandar O'tamurodovning ta'kidlashicha, bugungi kunda viloyatdagi 216 ta umumta'lim maktabining 266 ta inklyuziv ta'lim sinflarida 370 nafar alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan o'quvchilar ta'lim olmoqda. Ular bilan 241 nafar maxsus pedagog korreksion-rivojlantiruvchi mashg'ulotlarni olib bormoqda. Ushbu tanlov tizimda mehnat qilayotgan mutaxassislarning faoliyatini e'tirof etish va ta'lim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
G'oliblar ro'yxati
Qizg'in kechgan bahslar natijasiga ko'ra, viloyat bosqichining faxrli o'rinlari quyidagi pedagoglarga nasib etdi:
- 1-o'rin: Kattaqo'rg'on tumanidagi 51-umumta'lim maktabi maxsus pedagogi Maftuna Abdurahmonova;
- 2-o'rin: Toyloq tumanidagi 5-umumta'lim maktabi maxsus pedagogi Sabina Nomozova;
- 3-o'rin: Payariq tumanidagi 80-umumta'lim maktabi maxsus pedagogi Shukrona Ro'ziqulova.
Manba: UzA



