Surxondaryoda pedagogik innovatsiyalar va didaktik o'yinlar festivali o'tkazildi
Angor tumanida maktabgacha ta'lim xodimlari o'rtasida zamonaviy yondashuvlar va o'yin metodikasiga bag'ishlangan festival tashkil etildi.

Surxondaryo viloyati Angor tumanida maktabgacha ta'lim sohasida ilg'or yondashuvlarni keng qo'llash hamda tarbiyachilarning ijodiy salohiyatini rag'batlantirish yo'lida “O'yinga asoslangan ta'lim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik o'yinlar festivali” bo'lib o'tdi. Tadbir davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari xodimlarini qamrab olib, ularga o'yin metodikasining ta'limdagi samaradorligini oshirish hamda yangi g'oyalarni amaliyotga tatbiq etish borasidagi tajribalarini ko'rsatish imkonini berdi.
Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad o'yin orqali bilim berish uslublarini keng ommalashtirish hamda “Ilk qadam” milliy o'quv dasturi talablari asosida ilg'or tajribalarni tatbiq etishdan iborat bo'ldi. Ishtirokchi jamoalar bolalarning yoshi va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda xavfsiz, qiziqarli hamda rivojlantiruvchi didaktik o'yinlarni tayyorlab, hakamlar e'tiboriga havola etdi. Taqdim etilgan ishlanmalarda ta'lim jarayoni bilan o'yinni o'zaro uyg'unlashtirish, shuningdek, bolalarning fikrlash doirasini kengaytirishga qaratilgan ijodiy yondashuvlar namoyish etildi.
G'olib jamoalar aniqlandi
Qizg'in bahslarga boy o'tgan ko'rik-tan yakuniy natijalariga ko'ra sovrinli o'rinlar quyidagicha taqsimlandi:
- 5-davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining “Zukko tarbiyachilar” jamoasi birinchi o'rinni egalladi.
- 11-davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining “Ijodkorlar” jamoasi ikkinchi o'ringa munosib ko'rildi.
- 2-davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining “Aqlvoy” jamoasi uchinchi o'rinni qo'lga kiritdi.
Barcha g'oliblar va faol ishtirok etgan jamoalar munosib taqdirlandi.
Manba: UzA


