Surxondaryoda umumiy jamg'armasi 5 milliard so'mlik fan olimpiadasi g'oliblari aniqlandi
Surxondaryo viloyatida o'tkazilgan umumiy jamg'armasi 5 milliard so'mlik fan olimpiadasining g'oliblari aniqlandi va taqdirlandi.

Surxondaryo viloyatida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi hamkorligida maktablarning bitiruvchi sinf o'quvchilari uchun tashkil etilgan fan olimpiadasi o'z nihoyasiga yetdi. Umumiy jamg'armasi 5 milliard so'mni tashkil etgan mazkur bilimlar bellashuvi matematika, kimyo, biologiya, o'zbek tili va adabiyoti, rus, ingliz tillari hamda informatika fanlari bo'yicha o'tkazildi.
Ishtirokchilar va bosqichlar
Musobaqaning maktab bosqichida 30 ming nafar, tuman va shahar bosqichida esa 5 ming 841 nafar iqtidorli o'quvchi test sinovlari orqali o'z bilimini sinovdan o'tkazdi. Viloyat bosqichida eng iqtidorli 113 nafar 11-sinf o'quvchisi ochiq-oshkora o'tkazilgan sinovlarda ishtirok etib, ulardan 23 nafari g'oliblikni qo'lga kiritdi.
G'oliblarni taqdirlash va imtiyozlar
Olimpiadada birinchi o'rinni egallagan yoshlar Termiz iqtisodiyot va servis universitetiga to'liq grant asosida o'qishga kirish huquqini qo'lga kiritdi va har biriga 12 million so'mdan pul mukofoti berildi. Ikkinchi hamda uchinchi o'rinlarni egallagan o'quvchilarga ham OTMda grant asosida o'qish uchun sertifikatlar topshirilib, mos ravishda 9 va 7 million so'm miqdorida pul mukofotlari taqdim etildi.
Shuningdek, g'olib o'quvchilarning ustozlari ham munosib rag'batlantirildi. Birinchi o'rinni egallagan o'quvchilarning o'qituvchilariga 5 million, ikkinchi o'rin uchun 3 million va uchinchi o'rin uchun 2 million so'm pul mukofoti topshirildi. Bundan tashqari, g'oliblar ta'lim olayotgan maktab direktorlari birinchi o'rin uchun 7 million, ikkinchi va uchinchi o'rinlar uchun 6 hamda 5 million so'mdan mukofotlandi. Viloyat bosqichida eng yuqori natijalarni qayd etgan o'quvchilar chiqqan tuman va shahar maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi mudirlariga esa 50, 30 hamda 15 million so'mdan pul mukofotlari berildi. Viloyatda ilk bor tashkil etilgan ushbu noan'anaviy olimpiada yoshlarning ilm-fanga bo'lgan qiziqishini oshirish va fidoyi ustozlarni rag'batlantirishga xizmat qildi.
Manba: UzA



