Tibbiyot oliygohlari bitiruvchilari bir yillik to'liq amaliyot o'tashi belgilandi
Prezident farmoniga binoan tibbiyot yo'nalishlarida ta'lim 5+1 shakliga o'tkazilib, bitiruvchilar bir yil to'liq amaliyot o'taydi.
Sentyabr oyining boshida qabul qilingan tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risidagi prezident farmonida muhim o'zgarishlar ko'zda tutilgan. Hujjatga muvofiq, kelgusi 2027-2028 o'quv yilidan boshlab tibbiyot ta'limi yo'nalishlari bo'yicha davlat buyurtmasi parametrlari Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishi belgilandi.
Kadrlar ehtiyoji va qabul parametrlari
Qabul ko'rsatkichlari sohaga bo'lgan joriy hamda istiqboldagi ehtiyojdan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bunda hududlar va tibbiyot tashkilotlarining talabi, shuningdek, ayrim mutaxassisliklar bo'yicha kadrlar yetishmovchiligi inobatga olinadi. Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi kadrlar ehtiyojini o'rganish bo'yicha asosiy ishchi organ etib belgilandi.
Ta'lim tizimidagi yangi tartib
2027-2028 o'quv yilidan e'tiboran davolash ishi bakalavriat yo'nalishi negizida 6 yillik umumiy tibbiyot bakalavriat yo'nalishi tashkil etiladi. O'qish 5+1 shaklida olib borilib, bitiruvchi kurs talabalari bir yil davomida to'liq amaliyot o'tashadi. Hozirda davolash ishi yo'nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun esa o'qish jarayoni yangi moslashtirilgan o'quv rejalari va dasturlari asosida davom ettiriladi.
Umumiy tibbiyot yo'nalishini tamomlagan bitiruvchilarga umumiy amaliyot shifokori malakasi beriladi. Ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin bo'ladi. Shu bilan birga, tibbiyot sohasidagi barcha bakalavriat yo'nalishlarining bitiruvchi kurs talabalari uchun bir o'quv yili davomida amaliyot o'tash amaliyoti yo'lga qo'yiladi. Stomatologiya yo'nalishidagi talabalarning amaliy mashg'ulotlarini ta'minlash maqsadida esa tibbiyot oliy ta'lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktirib beriladi.
Manba: Kun.uz



