Toshkent davlat agrar universitetida bitiruvchilar bandligini ta'minlashga bag'ishlangan uchrashuv o'tkazildi
Toshkent davlat agrar universitetida bitiruvchi yoshlarning bandligini ta'minlash va startap loyihalarini qo'llab-quvvatlashga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.

Mamlakatimizda yosh avlodni qo'llab-quvvatlash, ularning bandligini ta'minlash va tadbirkorlikka jalb etish ustuvor vazifalardan biridir. Xususan, har payshanba kunining "Yoshlar kuni" deb belgilangani o'g'il-qizlar bilan ochiq muloqot o'rnatishda muhim tizimga aylandi.
Shu doirada Toshkent davlat agrar universitetida bitiruvchi yoshlarning bandligini ta'minlash va ularni biznes loyihalariga yo'naltirishga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi. "O'zmilliybank" AJning "Kelajakka qadam" dasturi asosida o'tgan muloqotda 500 nafarga yaqin yigit-qiz o'z startap g'oyalari bilan qatnashdi. Joriy yilda mazkur oliy ta'lim muassasasining 2 500 nafarga yaqin talabasi o'qishni tamomlaydi. Talabalarning salohiyatidan agrar sohada samarali foydalanish maqsadida universitet va bank o'rtasida hamkorlik yo'lga qo'yilgan.
Moliyaviy ko'mak va yangi loyihalar
Toshkent davlat agrar universiteti rektori Narzullo Oblomurodovning ma'lum qilishicha, hozirgi kunda yoshlarning 20 million so'mdan 10 milliard so'mgacha bo'lgan qiymatdagi loyihalari bank tomonidan ko'rib chiqilmoqda. Bu esa qishloq xo'jaligida yangi ish o'rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan bildirilgan 11 ta murojaat va takliflar o'rganib chiqildi. Natijada quyidagi moliyaviy ko'maklar taqdim etildi:
- "Biznes progress" kredit mahsuloti doirasida 1,4 milliard so'mlik 2 ta yirik loyiha
- "Tadbirkorlikka ilk qadam" dasturi asosida jami 260 million so'mlik 13 ta loyiha
Istiqbolli tashabbuslar
Uchrashuvda bitiruvchi Nurmuhammad Abdujabborovning agroshifoxona ochish bo'yicha startap g'oyasi ishtirokchilar e'tiborini tortdi. Zararkunandalarga qarshi biologik kurashish hamda dehqonlarga ilmiy ko'mak berishni ko'zda tutgan mazkur loyiha yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning amaldagi namunasidir.
Shuningdek, dastur davomida yoshlar imtiyozli kreditlar olish tartibi, biznes-rejalarni shakllantirish va tadbirkorlikni huquqiy jihatdan yo'lga qo'yish bo'yicha mutaxassislardan zarur tavsiyalar oldilar. Ilm va tadbirkorlik uyg'unligi agrar sohani yangi bosqichga olib chiqib, oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlikni ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: UzA



