Oltiariq tumanidagi maktabda alohida ta'limga muhtoj bolalar uchun sharoitlar yaratildi
Farg'ona viloyatida inklyuziv ta'limni rivojlantirish doirasida maktablarda maxsus sharoitlar yaratilib, uy ta'limidagi bolalar o'z tengdoshlari safiga qo'shilmoqda.

Alohida ta'limga ehtiyoji bo'lgan o'quvchilarning tengdoshlari bilan bir qatorda bilim olishi uchun maktablarda zarur infratuzilma va qulayliklar barpo etilmoqda. Masalan, avvallari uy ta'limida o'qigan Umidjon Turdaliyev mahalladagi ijtimoiy xizmat xodimining ko'magi bilan Oltiariq tumanidagi 29-umumiy o'rta ta'lim maktabiga jalb qilinib, hozirda boshqalar bilan teng sharoitda o'qimoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining Farg'ona viloyat boshqarmasi ma'lumotiga ko'ra, mazkur ta'lim muassasasida “Ishonch 2030” loyihasi doirasida raqamli ta'lim va AKT imkoniyatlaridan foydalangan holda keng ko'lamli rekonstruksiya ishlari bajarildi. Xususan, maktab hududida ko'zi ojizlar uchun 300 metr uzunlikdagi taktil yo'laklar qurildi. Shuningdek, kirish qismida zamonaviy panduslar o'rnatilib, bino ichki qismi maxsus tutqichlar va taktil plitkalar bilan jihozlandi.
Maktabda alohida inklyuziv sinf ochilib, u yer 25 ta maxsus o'quv stoli, dam olish burchagi, rivojlantiruvchi o'yinchoqlar, o'quv qurollari hamda eshitish qobiliyati past bolalar uchun ovoz kuchaytirgich moslamalari bilan ta'minlandi. O'zbekiston va Shvetsariya davlatlarining noqonuniy o'zlashtirilgan investitsiyalarni qaytarish bo'yicha hamkorligi doirasida tanlab olingan 50 ta maktab qatorida bu yerda ham bolalar uchun to'siqsiz muhit shakllantirildi.
Tumanning Qiziltepa mahallasida istiqomat qiluvchi 14 nafar alohida ta'limga ehtiyoji bor boladan 6 nafari o'tgan 2 yil mobaynida inklyuziv ta'limga qamrab olindi, yaqin orada yana 3 nafar bola maktabga chiqishi kutilmoqda. Shuningdek, homiylar ko'magida xarid qilingan maxsus transport vositasi orqali nogironligi bo'lgan bolalarning maktabga kelib-ketishi yo'lga qo'yildi.
Manba: UzA



