Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida VI xalqaro konferensiya o'tkazildi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuniga bag'ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 11 fevral kuni Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni munosabati bilan VI xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. Tadbir Gender tenglik madaniyatini rivojlantirish: oilaviy qadriyatlar, ta'lim siyosati va ijtimoiy ong transformatsiyasi mavzusiga bag'ishlandi.
Anjumanda professor-o'qituvchilar, olimlar, talabalar, xalqaro ekspertlar, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari hamda nodavlat not tijorat tashkilotlari vakillari qatnashdi. Konferensiya davomida xotin-qizlarning ta'lim va ilm-fan sohasidagi faolligini yuksaltirish, ta'lim tizimiga gender tenglikni joriy etish, zamonaviy ta'lim siyosatini takomillashtirish hamda ijtimoiy ongni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir ishida BMT Aholishunoslik jamg'armasining O'zbekistondagi vakillari, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi, Oliy Majlis Senati huzuridagi qo'mita, shuningdek, Milliy tiklanish demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va soha mutaxassislari faol ishtirok etishdi.
Konferensiya yakunida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender siyosatini yanada rivojlantirish hamda ularning ilmiy faoliyati va ta'lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratish bo'yicha tegishli amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Manba: UzA



