O'rta maxsus va kasbiy ta'lim tashkilotlarining milliy reytingi joriy etiladi
O'zbekistonda o'rta maxsus va kasbiy ta'lim tashkilotlari uchun milliy reytingni yuritish hamda rag'batlantirish tartibi belgilanmoqda.
O'rta maxsus va kasbiy ta'lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish va rag'batlantirish tartibini belgilovchi nizom loyihasi tayyorlandi. Mazkur hujjatga muvofiq, milliy reyting Prezident administratsiyasi huzuridagi Ta'lim sifatini ta'minlash milliy agentligi tomonidan yuritiladi.
Reytingni joriy etishdan ko'zlangan asosiy maqsadlar qatoriga ta'lim tashkilotlari o'rtasida shaffof raqobat muhitini shakllantirish, ta'lim xizmatlari sifati hamda mehnat bozori talablari muvofiqligini kuchaytirish, muassasalarning nufuzini oshirish va ma'lumotlarga asoslangan boshqaruvni rivojlantirish kiradi.
Reytingda qatnashuvchi va qatnashmaydigan muassasalar
Loyihaga ko'ra, bitiruvchilari mavjud bo'lgan o'rta maxsus va davlat kasbiy ta'lim tashkilotlari milliy reyting obekti etib belgilanmoqda. Shu bilan birga, harbiy va harbiylashtirilgan ta'lim tashkilotlari, ayrim xalqaro ta'lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar hamda ilg'or kasbiy mahorat texnikumlari bo'yicha milliy reyting yuritilmasligi belgilangan.
Ma'lumotlar bazasi hisobot yili yakunlari bo'yicha har yili 30 iyun holatiga shakllantiriladi. Ma'lumotlar maxsus platforma orqali tegishli vazirlik va idoralar axborot tizimlari, ta'lim tashkilotlari yuklaydigan hujjatlar va umummilliy so'rovnoma natijalari asosida jamlanadi. Ta'lim tashkilotlari ayrim tasdiqlovchi hujjatlarni maxsus platformaga 1 iyuldan 15 iyulga qadar yuklashi shart bo'lib, hujjatlarning haqqoniyligi uchun tashkilot rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Natijalarni e'lon qilish va murojaat tartibi
Reyting natijalari mezonlar bo'yicha yig'ilgan umumiy ballar asosida shakllantiriladi. Bunda har bir indikator bo'yicha eng yuqori natijaga erishgan tashkilot maksimal ball oladi, qolganlarniki esa proporsional tarzda hisoblanadi. Natijalar har yili 10 oktyabrga qadar agentlikning rasmiy veb-sayti va ommaviy axborot vositalari orqali e'lon qilinishi ko'zda tutilgan.
Shuningdek, ta'lim tashkiloti reyting natijalari e'lon qilinganidan keyin 10 ish kuni ichida maxsus platforma orqali elektron tarzda murojaat kiritish huquqiga ega. Kelib tushgan murojaatlar 15 ish kunida ko'rib chiqiladi.
Rag'batlantirish mexanizmlari
Rag'batlantirish tartibiga ko'ra, milliy reytingda eng yuqori o'rinni egallagan 50 ta kasbiy ta'lim tashkilotining har biri davlat budjeti hisobidan baza hisoblash miqdorining 3 000 baravari miqdorida rag'batlantiriladi.
Ajratilgan mablag'larning 80 foizi moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, 20 foizi esa rahbar va xodimlarni moddiy rag'batlantirish, malaka oshirish hamda tajriba almashish xarajatlariga yo'naltirilishi mumkin. Reyting bo'yicha rag'batlantirilgan kasbiy ta'lim tashkilotlariga keyingi ikki yil mobaynida milliy reytingda ishtirok etishda tanaffus berilishi ham nazarda tutilgan.
Manba: Kun.uz


