Toshkent davlat tibbiyot universiteti dunyoning top-1000 oliygohi safiga kirdi
Toshkent davlat tibbiyot universiteti THE Impact Rankings–2026 reytingida 601–800-o'rinni egallab, dunyoning eng yaxshi universitetlari qatoriga qo'shildi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti xalqaro miqyosdagi nufuzli reytingda yuqori natijani qayd etib, dunyoning top-1000 universiteti qatoridan joy oldi. Joriy yil 24 iyun kuni Indoneziyaning Jakarta shahrida bo'lib o'tgan Global Sustainable Development Congress–2026 forumida Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentligi o'zining Impact Rankings–2026 natijalarini e'lon qildi. Unga ko'ra, mamlakatimizdagi yetakchi tibbiy OTM 601–800-o'rinlar guruhidan joy oldi.
Reyting mezonlari va yuqori ko'rsatkichlar
Mazkur xalqaro reyting oliygohlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti belgilagan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadini amalga oshirishga qo'shayotgan hissasi asosida shakllantiriladi. Bunda ta'lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, sog'liqni saqlash, innovatsiyalar, ijtimoiy mas'uliyat, atrof-muhitga munosabat va xalqaro hamkorlik kabi mezonlar inobatga olinadi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti uchun eng muhim natijalardan biri "Sog'liq va farovonlik" (SDG 3) yo'nalishida qayd etildi. OTM ushbu mezon bo'yicha dunyoda 81-o'rinni, respublikamizda esa birinchi o'rinni egalladi. Ushbu ko'rsatkich tibbiy ta'lim bilan bir qatorda klinik faoliyat, ilmiy tadqiqotlar, profilaktika dasturlari va aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ham qamrab oladi. Erishilgan yutuq so'nggi yillarda ta'lim mazmunini yangilash, ilmiy faoliyatni kuchaytirish, klinik amaliyotni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo'lida qilingan o'zgarishlarning e'tirofi hisoblanadi.
Xalqaro hamkorlik va ta'lim salohiyati
Bugungi kunda mazkur oliygoh Markaziy Osiyodagi yirik tibbiy ta'lim muassasalaridan biri sanaladi. Universitetda 4,5 mingga yaqin professor-o'qituvchi 32 mingdan ziyod talabaga bakalavriat, magistratura, klinik ordinatura va doktorantura bosqichlarida ta'lim bermoqda.
So'nggi yillarda muassasada ta'lim tizimi tubdan qayta ko'rib chiqilib, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Litva, Turkiya, Janubiy Koreya va Xitoy kabi davlatlar mutaxassislari ishtirokida Xalqaro ekspertlar kengashi tashkil etildi. Ular ko'magida o'quv rejalari va ta'lim dasturlari qayta ishlanib, ayrim yo'nalishlar dunyoning yetakchi universitetlari tajribasi asosida yangilandi.
Manba: Kun.uz



