Namanganlik mutaxassislar Yaponiyaning ilg'or ta'lim tajribasini o'rganmoqda
Namangan viloyati delegatsiyasi Yaponiyada bo'lib, xususiy maktablar, inklyuziv ta'lim va maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati bilan tanishmoqda.

Namangan viloyati hokimining o'rinbosari Otabek Bozorov boshchiligidagi delegatsiya vakillari Yaponiyada xizmat safarida bo'lib turibdi. Hokimlik, ta'lim, ma'rifat, ma'naviyat va ijtimoiy himoya sohasi mas'ullaridan iborat guruh Chiba prefekturasidagi Ichikava Gakuyen xususiy ta'lim muassasasida bo'ldi.
Xalqaro tajriba va maktab ta'limi
Mazkur maktab 2012-yildan buyon UNESCO Associated Schools Network uyushmasiga a'zo hisoblanadi. Ta'lim dargohi Buyuk Britaniyaning Kembrij, Oksford va Eton, shuningdek, AQSH, Kanada, Singapur, Yangi Zelandiya hamda Xitoy kabi davlatlarning hamkor tashkilotlari bilan xalqaro almashinuv dasturlarini amalga oshirib keladi. Tashrif davomida delegatsiya a'zolari ilm maskanining boshqaruv tizimi, o'qituvchilarning kasbiy rivojlanish mexanizmlari, o'quvchilarda axloqiy fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan yondashuvlarni o'rgandi. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tajribasi va zamonaviy pedagogik uslublarni mahalliy ta'lim tizimiga moslashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Inklyuziv va maktabgacha ta'lim yo'nalishlari
Delegatsiya a'zolari Funabashi Special Education School maktabi faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. Ushbu muassasa intellektual rivojlanishida nuqsoni bo'lgan hamda qo'shimcha ta'lim ehtiyojlariga ega bolalarni o'qitish, ularni ijtimoiy moslashtirish va mustaqil hayot ko'nikmalarini shakllantirishga ixtisoslashgan bo'lib, mehmonlar bu yerda inklyuziv ta'lim metodikasini o'rganishdi.
Bundan tashqari, Takenedai Bunka Kindergarten xususiy maktabgacha ta'lim tashkiloti ko'zdan kechirildi. Bolalarga o'yin orqali ta'lim berish, sog'lom va xavfsiz rivojlantiruvchi muhit yaratish hamda tarbiyachilar faoliyatini tashkil etish bo'yicha ilg'or yondashuvlar kuzatildi. Yaponiya ta'limining innovatsion yondashuvlari va samarali boshqaruv amaliyotlarini o'rganish ishlari davom etmoqda.
Manba: UzA


