Toshkent davlat tibbiyot universiteti xorijiy yoshlar uchun nufuzli markazga aylandi
Toshkent davlat tibbiyot universitetida 33 mingdan ortiq talaba o'qimoqda, ularning 4 300 nafardan ziyodini xorijiy fuqarolar tashkil etadi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti O'zbekiston va Markaziy Osiyodagi eng yirik tibbiy oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Milliy tibbiyot maktabining an'analariga tayangan holda ish yurituvchi bu oliygoh bugungi kunda klassik ta'limni zamonaviy innovatsion texnologiyalar bilan uyg'unlashtirib, xorijlik fuqarolar uchun jozibador maskanga aylangan.
Ta'lim jarayoni va fakultetlar
Oliy o'quv yurtida keng qamrovli ta'lim tizimi yo'lga qo'yilgan bo'lib, hozirda 13 ta fakultet va 112 ta kafedra faoliyat ko'rsatmoqda. Talabalar uchun 15 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishi, 57 ta magistratura hamda klinik ordinatura mutaxassisligi, shuningdek, 42 ta doktorantura ixtisosligi mavjud. Bu esa chuqurlashtirilgan bilim olish va ilmiy izlanishlar olib borishga keng yo'l ochadi.
Universitetda jami 33 ming nafardan ziyod talaba tahsil olayotgan bo'lsa, ularning 4 300 dan ortig'i chet ellik yoshlardir. O'quv jarayoni o'zbek, rus va ingliz tillarida olib borilishi turli davlatlardan kelgan talabalar uchun katta qulaylik yaratadi.
Ilmiy salohiyat va infratuzilma
Ta'lim dargohida 2 mingdan ortiq professor-o'qituvchilar, jumladan, yuzlab fan doktorlari, professorlar va PhD darajasiga ega mutaxassislar faoliyat yuritadi. Darslarda nazariya va amaliyot uyg'unligini ta'minlash maqsadida 10 dan ortiq zamonaviy laboratoriya, 360 dan ziyod klinik baza va ilg'or o'qitish usullaridan foydalaniladi.
So'nggi yillarda oliygohning moddiy-texnik bazasi sezilarli darajada yangilandi. Minglab o'quv auditoriyalari, simulyatsiya markazlari, elektron kutubxonalar, sport majmualari, 900 dan ortiq kompyuter jamlanmasi hamda yuqori tezlikdagi internet tarmog'i talabalar xizmatida. Shuningdek, chet ellik yoshlar uchun 6000 o'ringa mo'ljallangan zamonaviy talabalar yotoqxonalari bunyod etilgan.
Manba: Kun.uz



