Toshkent davlat yuridik universitetida uch yillik maxsus bakalavr dasturlari boshlanadi
2026/2027 o'quv yilidan boshlab TDYuUda uch yillik maxsus ta'lim dasturlari joriy etilib, amaliyotga yo'naltirilgan o'qitish tizimi yo'lga qo'yiladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 noyabrdagi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida yuridik sohada ta'lim va ilm-fanni tubdan takomillashtirishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi. Yangi tartibga ko'ra, 2026-2027 o'quv yilidan e'tiboran Toshkent davlat yuridik universitetida maxsus uch yillik bakalavriat ta'lim bosqichi yo'lga qo'yiladi.
Kimlar o'qishga topshirishi mumkin
Mazkur dasturga akademik litseylar va yuridik texnikumlarni tamomlagan bitiruvchilar, shuningdek, avvaldan oliy ma'lumotga ega bo'lgan fuqarolar tanlov asosida qabul qilinadi. Qabul jarayonlari alohida ajratilgan kvotalar hamda to'lov-kontrakt asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Shu bilan birga, hududlardagi kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Qashqadaryo yuridik texnikumi negizida Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litsey faoliyati boshlanadi. Ushbu yangi litsey mazkur texnikumning huquqiy vorisi etib belgilandi. Hozirda ta'lim olayotgan o'quvchilar o'qishini o'z dasturlari yakunlangunga qadar davom ettiradi va ularga ilgari berilgan barcha imtiyozlar to'liq saqlanib qolinadi.
Amaliyotga yo'naltirilgan o'qitish va yangi usullar
Qaror loyihasiga asosan, universitetda tajriba tariqasida dual va klinik ta'lim tamoyillari amaliyotga kiritilmoqda. Endilikda ikkinchi, uchinchi hamda to'rtinchi kurs talabalari uchun o'quv jarayonining yarm qismi, yani 50 foizi bevosita sud organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, advokatura va boshqa profil tashkilotlardagi amaliyot orqali o'tiladi.
Boshqa tomondan, auditoriyadagi nazariy darslarda "problem-based learning" (muammoli ta'lim) uslubi qo'llaniladi. Bu talabalarda mustaqil tahlil qilish, asosli xulosa chiqarish va "yumshoq ko'nikmalar"ni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: Kun.uz



