Toshkent maktablari direktorlari Moskvada tibbiyot yo'nalishidagi ilg'or tajribalarni o'rganmoqda
Toshkent shahridagi maktablar direktorlaridan iborat delegatsiya Moskva shahrida maktablarda tibbiyot yo'nalishini tashkil etish tajribalarini o'rganmoqda.

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi umumta'lim maktablari direktorlari delegatsiyasi Moskva shahrida xizmat safarida bo'lib turibdi. Ushbu tashrif "Toshkent tajribasi" loyihasi doirasida tashkil etilgan bo'lib, uning asosiy maqsadi maktablarda tibbiyot yo'nalishini tashkil etish bo'yicha xorijiy ilg'or tajribalarni o'rganishdan iborat.
Ilg'or tajriba va ixtisoslashtirilgan sinflar
Safar davomida kimyo hamda biologiya fanlarini chuqurlashtirib o'qitish usullari, shuningdek, tibbiyotga ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyatini yo'lga qo'yish jarayonlari yaqindan o'rganilmoqda. Mutaxassislar zamonaviy laboratoriya jihozlaridan samarali foydalanish va amaliy hamda kasbiy ta'limni maktab bosqichidayoq boshlash borasidagi yondashuvlarni tahlil qilishmoqda.
Kelajak kadrlarini maqsadli tayyorlash
Mazkur tashabbus o'quvchilarning tibbiyot sohasiga bo'lgan qiziqishini oshirish hamda bo'lajak malakali kadrlarni aynan maktab davridan boshlab maqsadli tayyorlashga qaratilgan. O'rganish yakunlariga ko'ra, to'plangan tajribalarning eng samarali jihatlari Toshkent shahridagi umumta'lim maktablarining ta'lim jarayoniga tatbiq etiladi va bu borada yangi yondashuvlar shakllantiriladi.
Manba: UzA


