Maktabning 10-sinf o'quvchilari o'qishini texnikumlarga ko'chirish tartibi tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 10-sinf o'quvchilarining o'qishini texnikumlarga ko'chirish va kasbiy ta'limda davlat xizmatlarini ko'rsatish tartibi belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining 450-son qaroriga asosan kasbiy ta'lim tashkilotlari o'quvchilarining o'qishini ko'chirish, tiklash hamda maktablarning 10-sinf o'quvchilarini texnikumlarga o'tkazish bo'yicha ma'muriy reglament tasdiqlandi. Ushbu hujjat kasbiy ta'lim muassasalarida o'qishni boshqa joyga ko'chirish va qayta tiklashning yagona tartibini belgilab beradi.
Yangi tartib imkoniyatlari
Qarorning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri umumta'lim maktablarining 10-sinfida o'qiyotgan yoshlarga o'qishni texnikumlarga ko'chirish imkoniyati berilganidir. Bu jarayon uchun maxsus tartib joriy etiladi. Mazkur yangilik o'quvchilarga umumiy o'rta ta'lim bosqichidan kasbiy ta'limga o'tish hamda muayyan mutaxassislik va kasb egasi bo'lish yo'lida keng imkoniyatlar ochadi.
Hujjat topshirish va raqamlashtirish
- Davlat xizmatidan foydalanish uchun arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali yoki Davlat xizmatlari markazlari vositasida elektron shaklda taqdim etiladi.
- Kasbiy ta'lim muassasalariga o'qishni ko'chirish va qayta tiklash bo'yicha xulosa berishning yagona mexanizmi amaliyotga tatbiq qilinadi.
- Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddat ichida ushbu davlat xizmatlarini to'liq hajmda YAIDXP orqali ko'rsatish imkoniyatini yo'lga qo'yish belgilangan.
Manba: Kun.uz

