Toshkent maktablarida o'quvchilarga pulli qo'rqinchli film qo'yib berildi
Toshkent shahridagi maktablarda o'quvchilardan pul yig'ilib, planetariy o'rniga vahshiylikni targ'ib qiluvchi 3D qo'rqinchli film namoyish etildi.
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi ta'lim muassasalarida o'quvchilar uchun tashkil etilgan pulli namoyishlar jiddiy e'tirozlarga sabab bo'ldi. 12 aprel – Jahon aviatsiya va kosmonavtikasi kuni munosabati bilan tuman maktablaridan birida "planetariy keladi" degan vaj bilan o'quvchilardan 25 ming so'mdan mablag' yig'ib olingan. Biroq, va'da qilingan planetariy o'rniga bolalarga 3D formatdagi vahshiylikni targ'ib qiluvchi qo'rqinchli film qo'yib berilgan.
Bolalar qo'rquvdan baqirib yuborgan
Taqdim qilingan videolavhalardan ko'rinishicha, ekranlarda odam shaklidagi qo'rqinchli maxluq tasviri namoyish etilgan bo'lib, buning oqibatida bolalar qo'rquvdan baqirib yuborgan. Tomoshalar asosan quyi sinf o'quvchilari uchun tashkil etilgan.
Maktab direktorlaridan birining tushuntirishicha, ushbu jarayon Uchtepa tumani Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi rahbari Nargiza Xontorayevaning buyrug'i asosida amalga oshirilgan. "Xur-makon olami" MChJ tomonidan ko'chma kinoteatr tashkil etilgan bo'lib, tashkilotchilar pulni o'zlari belgilab, o'zlari yig'ib ketgan. Rasmiy xat asosida kelgani bois maktabga kirishga ruxsat berilgan. Yuqori sinf o'quvchilari buni normal qabul qilgan bo'lsa-da, 1-sinf o'quvchilarida kuchli qo'rquv kuzatilgan va bu holat yuzasidan ota-onalar maktabga shikoyat qilib kelgan. Ma'lum bo'lishicha, bunday tadbirlar faqat maktablarda emas, balki bog'chalarda ham o'tkazilgan.
Hokim o'rinbosarining tavsiya xati
Aniqlanishicha, o'quvchilarning puli evaziga qo'rqinchli filmlarni namoyish etish Uchtepa tumani hokimi o'rinbosari Oybek Rahmonberdiyevning tavsiya xatiga tayanib amalga oshirilgan. Mazkur xat tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi rahbariga yo'naltirilgan bo'lib, unda "Xur-makon olami" MChJ tomonidan yangi innovatsion 3D formatdagi 360 gradusli tomosha uyushtirilgani qayd etilgan. Aynan shu hujjat tashkilotchi jamiyatga maktab eshiklarini ochib bergan.
Manba: Kun.uz


