Toshkent shahrida 1300 o'quvchiga mo'ljallangan yangilangan maktab ochildi
Chilonzor tumanidagi 202-sonli maktab kapital ta'mirdan so'ng zamonaviy qiyofada foydalanishga topshirildi.

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 202-sonli umumta'lim maktabi kapital ta'mirlashdan keyin yangi qiyofada ochildi. Ushbu keng ko'lamli yangilanish davlat dasturlari va mahalliy infratuzilmani rivojlantirish loyihalari doirasida bajarildi. Natijada ta'lim maskanida o'quvchilar hamda o'qituvchilar uchun xavfsiz va zamonaviy muhit yaratilib, uning ichki texnik imkoniyatlari tubdan o'zgartirildi.
Yangilangan imkoniyatlar va inklyuziv ta'lim
Ilgari 1050 o'quvchi o'rniga mo'ljallangan ta'lim muassasasi bugungi kunda 1300 nafar o'quvchini qamrab olish imkoniyatiga ega bo'ldi. Maktab direktori Nargiza Muhammadiyevaning so'zlariga ko'ra, kapital ta'mirdan so'ng sinf xonalari, sport va faollar zallari hamda kutubxona zamonaviy rusumdagi jihozlar bilan ta'minlandi. Shuningdek, binoning barcha kommunikatsiya tarmoqlari to'liq yangilandi.
Maskanda inklyuziv ta'lim oladigan bolalar uchun maxsus korreksion xonalar ham tashkil etilgan bo'lib, hozirgi kunda ularda 11 nafar bola o'qimoqda va yana 2 nafar bola birinchi sinfga qabul qilindi. Ayni paytda maktab yangi o'quv yiliga to'liq tayyor holatga keltirildi. Bunday zamonaviy tipdagi ta'lim maskanlarining ishga tushirilishi ikki smenali o'qish tizimini qisqartirishga hamda bolalarning uzoq masofaga qatnab ta'lim olish zaruratini kamaytirishga xizmat qiladi.
Manba: UzA


