Toshkentda “Mening maktabim” loyihasi g'oliblari tantanali ravishda taqdirlandi
Poytaxtimizdagi maktabda “Mening maktabim” loyihasi doirasida tashkil etilgan tanlov g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 9-ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabida “Mening maktabim” loyihasida faol qatnashgan ta'lim maskanlari hamda “Eng qiziqarli loyiha” tanlovi g'oliblarini taqdirlashga bag'ishlangan tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamkorligida o'tkazildi. Unda ikki vazirlik mas'ullari, ta'lim muassasalari pedagoglari, o'quvchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi. Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat byudjeti siyosati departamenti boshlig'i Sherzod Muhammedov, BMTTD vakili Viktoriya Anoshkina va boshqalar so'zga chiqib, ushbu loyiha yoshlarning tashabbuskorligini oshirish, ularda loyiha ishlab chiqish ko'nikmalarini shakllantirish va maktab muhitini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlab o'tdilar.
Loyihaning amaliy ahamiyati va xalqaro tajriba
Tadbirda BMTTD vakili Viktoriya Anoshkina tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarini rivojlantirish bo'yicha xalqaro tajriba o'rganilganini qayd etdi. Loyiha doirasida maxsus portal yaratilib, u tashabbuslarni ilgari surish, muhokama qilish va saralash jarayonlari uchun asosiy infratuzilma vazifasini bajarmoqda. Shuningdek, aholini xabardor qilish, o'quvchilarning raqamli ko'nikmalarini mustahkamlash maqsadida bukletlar, mobil ilovalar va viktorinalar kabi interaktiv materiallar ishlab chiqilgan.
G'oliblarga taqdim etilgan zamonaviy jihozlar
Tanlovda Yunusobod tumanidagi 9-ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabining o'quvchilari ham muvaffaqiyatli qatnashib, g'oliblar qatoridan joy oldi. Mazkur ta'lim maskanining 11-sinf o'quvchisi Sultonbek Rustamjonovning so'zlariga ko'ra, ular VR ko'zoynaklari va robototexnika qurilmalari bilan taqdirlangan. Bu zamonaviy vositalar o'quvchilarga informatika, kimyo, fizika, biologiya va ingliz tili darslarida inson anatomiyasi, xavfsiz tajribalar hamda atrof-muhitni chuqurroq o'rganish imkonini beradi. Tadbir yakunida barcha g'oliblarga munosib esdalik sovg'alari topshirildi.
Manba: UzA


