Toshkentlik maktab o'quvchisi xalqaro Arktika ekspeditsiyasida g'olib bo'ldi
Poytaxtdagi 246-sonli maktabning 11-sinf o'quvchisi E'zoza Beshimjonova “Bilimlar muzyorari” xalqaro Arktika ekspeditsiyasi saralashida g'olib chiqdi.

Poytaxtimizdagi 246-sonli maktabning 11-o'quvchisi E'zoza Beshimjonova “Bilimlar muzyorari” xalqaro Arktika ekspeditsiyasi uchun o'tkazilgan saralashda muvaffaqiyat qozonib, O'zbekiston nomidan qatnashish huquqini qo'lga kiritdi. Joriy yilning 4-avgust kuni ishtirokchilar “G'alabaning 50 yilligi” atom muzyorarida Murmanskdan Shimoliy qutb tomon safarga otlanadi.
Xalqaro loyiha haqida
“Bilimlar muzyorari” 14-16 yoshli maktab o'quvchilariga mo'ljallangan ilmiy-ma'rifiy loyiha hisoblanib, “Rosatom” davlat korporatsiyasi ko'magida tashkil etiladi. Mazkur tashabbus 2024-yildan buyon xalqaro miqyosda o'tkazib kelinmoqda. Yettinchi bor tashkil etilayotgan bu yilgi ekspeditsiya Rossiya hamda 22 ta xorijiy davlat vakillarini birlashtiradi. E'zoza bu nufuzli dasturda qatnashayotgan ikkinchi o'zbekistonlik o'quvchi bo'lib, undan avval 2025-yilda Alina Chembayeva mamlakatimiz sharafini himoya qilgan edi.
Saralash bosqichi uch bosqichda tashkil etildi:
- Dastlab tabiiy fanlar, zamonaviy texnologiyalar, atom energetikasi va Arktikaga oid ilmiy viktorina o'tkazildi.
- Keyingi bosqichda ishtirokchilar ekspertlar vebinarlarida qatnashib, berilgan materiallar asosida topshiriqlarni bajarishdi.
- Yakuniy bosqichda esa “Atom texnologiyalari bugungi kunda dunyoni qanday o'zgartirmoqda?” mavzusida qisqa videotaqdimot tayyorlandi.
Joriy yilgi saralash uchun 22 ta davlatdan qariyb 5 mingta ariza kelib tushgan. 2025-yilda E'zoza UniSat 3.0 ta'lim dasturida ham qatnashib, qizlar bilan birgalikda nanosun'iy yo'ldoshlarni yig'gan va oktyabr oyida ular Qoraqalpog'istondagi maktab hududidan stratosferaga uchirilgan edi.
O'n kunlik ilmiy safar
O'n kun davom etadigan ekspeditsiya davomida o'quvchilar tadqiqotchilar, muhandislar hamda atom sohasi mutaxassislari bilan muloqot qiladi. Shuningdek, ma'ruza, muhokama, mahorat darslari va ilmiy tajribalarda qatnashishadi. Rejaga ko'ra, atom muzyorari 8-avgust kuni Shimoliy qutbning geografik nuqtasiga yetib boradi. E'zoza uchun bu ilk xalqaro safar bo'lib, u o'zbekistonlik qizlar ham ilm-fan va xalqaro loyihalarda yuqori natijalarga erisha olishini ko'rsatishni maqsad qilgan.
Manba: UzA


