Bog'chalarda ishlayotgan o'rta maxsus ma'lumotli xodimlar uchun dual ta'lim joriy etiladi
Maktabgacha ta'lim yo'nalishida o'rta maxsus ma'lumotli pedagoglar uchun dual ta'lim shakli joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan oliy ta'lim tashkilotlarida maktabgacha ta'lim yo'nalishi bo'yicha o'rta maxsus ma'lumotli pedagog kadrlar uchun o'quv jarayonini dual ta'lim shaklida tashkil etish tartibini tasdiqlash haqidagi loyiha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Dual ta'limni tashkil etish tartibi
Ushbu loyihaga ko'ra, ta'lim jarayoni 2026-2027-o'quv yilidan boshlab yo'lga qo'yiladi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 24 iyundagi 321-son qarori bilan tasdiqlangan ro'yxatga kiritilgan pedagogika oliy ta'lim tashkilotlarida amalga oshiriladi.
O'qish muddati to'rt yil etib belgilanib, jarayon oliy ta'limning davlat ta'lim standartlari hamda malaka talablari asosida yuritiladi. Bunda o'quv haftasi quyidagicha taqsimlanadi:
- Bir kun pedagogika oliy ta'lim tashkilotida darslar o'tkaziladi.
- Besh kun maktabgacha ta'lim tashkilotida amaliy faoliyat olib boriladi.
Shartnoma va o'quv jarayoni xususiyatlari
Dual ta'lim dasturi bo'yicha o'qish uchun oliy ta'lim muassasasi, maktabgacha ta'lim tashkiloti hamda talaba o'rtasida uch tomonlama shartnoma imzolanadi. Shuningdek, talabalarning malakaviy amaliyotlari ularning o'z faoliyat yuritayotgan bog'chalarida tashkil etiladi.
Boshqa ta'lim shakllari va yo'nalishlaridan dual ta'limga o'qishni ko'chirish yoki tiklash jarayonida talabaning davlat yoki nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarida uch yil davomida pedagog sifatida ishlab kelayotgani hamda o'rta maxsus ma'lumotga egaligi hisobga olinadi.
Darslar davomida talabalar dushanbadan jumagacha bog'chada tarbiyachi faoliyati bilan bog'liq amaliy mashg'ulotlarni bajarib, LMS platformasi orqali mustaqil ta'lim materiallarini o'zlashtiradilar. Shanba kuni esa o'quv auditoriyasida professor-o'qituvchilar ishtirokida mashg'ulotlarga qatnashib, masofaviy platformada o'rganilgan materiallarni seminar va amaliy vaziyatlar asosida muhokama qiladilar.
Manba: Kun.uz

