Universitet bitiruvchilariga Osonish.uz platformasi orqali ish topish yo'llari o'rgatildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida o'tkazilgan Karera kuni yarmarkasida bitiruvchilarga bandlik imkoniyatlari tushuntirildi.

Shu kunlarda ta'lim maskanlarida o'qishni yakunlayotgan yoshlar oldida qayerda va qaysi sohada faoliyat boshlash masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kasb tanlashda ish joyining yashash manziliga yaqinligi, qulay ish tartibi, jamoadagi muhit va maosh miqdori asosiy mezon sanaladi.
Talabalarga amaliy yordam ko'rsatish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davrat o'zbek tili va adabiyoti universitetida Karera kuni mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Tadbir davomida bitiruvchilarga Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutaxassislari tomonidan yaratilgan Osonish.uz platformasi orqali ish izlash tartiblari tushuntirildi.
Jumladan, mazkur universitetni tamomlayotgan bitiruvchi Nigora Karimova ushbu tizim orqali o'ziga qulay manzildagi maktabni tanlab, ma'lumotlarini kiritdi. Uning rezyumesi to'g'ridan-to'g'ri maktab rahbarining kompyuteriga kelib tushib, qisqa fursatda tasdiqlangan va u ishga joylashgan. Platformada maosh miqdori ko'rinib turishi, shuningdek, maktablardagi ustama va qo'shimchalar mavjudligi qayd etildi. Agar bo'sh ish o'rni band bo'lsa yoki mavjud bo'lmasa, shikoyat tugmasi orqali uni platformadan o'chirib tashlash imkoniyati bor.
Talabalar bandligini ta'minlash ko'rsatkichlari
- Joriy yilda universitetni jami 1768 nafar talaba bitirishi rejalashtirilgan.
- Ularning 70 foizida uch tomonlama shartnoma asosida ish o'rinlari allaqachon aniq bo'lgan.
- Qolgan 30 foiz yoshlar ko'rsatib o'tilgan platforma orqali o'zlariga mos kasbni tanlashlari mumkin.
Tadbirda ishtirok etgan 300 nafardan ortiq to'rtinchi kurs talabalaridan 20 dan ortig'i o'z rezyumelarini to'ldirib, ulardan 15 nafari ishga qabul qilingani ma'lum qilindi. Universitetning yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektori Gulnoza Jo'rayevaning so'zlariga ko'ra, yoshlar suhbatdan so'ng bir-ikki hafta mobaynida ishga qabul qilish bo'yicha buyruqlar chiqarilishini kutishmoqda. Shuningdek, nafaqat to'rtinchi kurs, balki milliy til sertifikatlariga ega uchinchi kurs talabalari ham ushbu tizim orqali o'zlariga mos ish o'rinlarini topish imkoniyatidan xabardor bo'ldilar.
Tadbir yakunida mutaxassislar tomonidan mehnat munosabatlari, qonunchilik va bandlik masalalari yuzasidan berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.
Manba: UzA



