Sirdaryoda maktabgacha ta'lim xodimlari o'rtasida ko'rik-tanlov o'tkazildi
Guliston shahrida maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari uchun 'Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2026' tanlovining viloyat bosqichi bo'lib o'tdi.

Tanlovning maqsadi va yo'nalishlari
Guliston shahridagi Yoshlar markazida maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari o'rtasida “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2026” respublika ko'rik-tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbir sohada faoliyat yuritayotgan tashabbuskor, izlanuvchan va zamonaviy yondashuvga ega pedagoglarni qo'llab-quvvatlash, ularning ilg'or tajribalarini ommalashtirish hamda kasbiy mahoratini baholashga qaratildi.
Bellashuv davomida ishtirokchilar test sinovlari, loyiha taqdimotlari, ochiq mashg'ulotlar va kasbiy-pedagogik salohiyat yo'nalishlari bo'yicha o'z bilim va ko'nikmalarini namoyon etdilar. Bolalar bilan ishlashda innovatsion yondashuv, ta'lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish va interaktiv usullardan samarali foydalanish hakamlar hay'ati tomonidan alohida e'tirof etildi.
G'olib va sovrindorlar
Qizg'in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko'ra, bir qator nominatsiyalar bo'yicha g'oliblar aniqlandi:
- “Eng yaxshi direktor o'rinbosari” nominatsiyasida Sirdaryo tumani 16-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti direktorining o'rinbosari Maftuna Emenova g'olib deb topildi.
- “Eng yaxshi o'yin orqali ta'lim beruvchi tarbiyachi” nominatsiyasida Sirdaryo tumani 8-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyachisi Munisa Hosilova birinchi o'rinni egalladi.
- “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi” nominatsiyasida Mirzaobod tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyachisi Sahobat Allamurodova g'olib bo'ldi.
- “Eng yaxshi eko-targ'ibotchi tarbiyachi” nominatsiyasini Oqoltin tumani 7-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyachisi Mushtariy Asqarova qo'lga kiritdi.
- “Raqamli va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etuvchi tarbiyachi” nominatsiyasida Boyovut tumani 23-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyachisi Nargiza Bobonazarova g'olib deb topildi.
- “Ma'naviy qadriyatlar tarbiyachisi” nominatsiyasida Boyovut tumanidagi 30-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyachisi Aziza Savranova eng yuqori bahoga loyiq ko'rildi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari pedagoglari o'rtasidagi bellashuvlarda Boyovut tumanidagi nodavlat MTM tarbiyachisi Gulorom Egamqulova “O'yin orqali bolalarni rivojlantiruvchi ijodkor tarbiyachi”, Mirzaobod tumanidagi nodavlat MTM tarbiyachisi Gulmira Qarshiboyeva esa “Eng namunali tarbiyachi” nominatsiyalari bo'yicha g'oliblikni qo'lga kiritishdi. Tadbir yakunida barcha g'olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg'alari topshirildi.
Manba: UzA

