Ustuvor yo'nalishdagi doktorantlar stipendiyasi oshiriladi va yangi tartiblar belgilanadi
Prezident farmoniga ko'ra, ustuvor ilmiy yo'nalishlarda o'qiyotgan doktorantlarning stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi va qo'llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.
Ustuvor ilmiy yo'nalishlarda tahsil olayotgan doktorantlar uchun o'stirilgan stipendiya hamda qo'shimcha moliyaviy rag'batlantirish mexanizmlari tatbiq etiladi. Bu yangiliklar "Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to'g'risida"gi prezident farmonida o'z aksini topgan.
Yangi tartib va stipendiya miqdorlari
2026 yil 1 sentabrdan boshlab quyidagi o'zgarishlar amaliyotga kiritilishi belgilandi:
- doktoranturaga umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo'nalishlariga oid ixtisosliklarga ajratiladi;
- differensial stipendiya tizimi ishga tushirilib, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to'lanadi;
- ustuvor yo'nalishdagi doktorantlarga tadqiqot ishlarida zarur bo'ladigan asbob-uskunalar va boshqa tovarlarni xarid qilish uchun har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qo'shimcha mablag' ular tahsil olayotgan oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy tashkilotga yo'naltiriladi;
- tayanch doktorantura bosqichining birinchi o'quv yilida sohaviy maxsus fanlar, ilmiy-tadqiqot metodologiyasi va akademik yozish, statistika hamda ma'lumotlar tahlili kabi fanlar bo'yicha o'quv mashg'ulotlari tashkil etiladi.
Qabul va ilmiy rahbarlik shartlari
Ustuvor ilmiy ixtisosliklarga kirish imtihoni o'rniga ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti o'tkaziladi. Bunda talablar oliy ta'lim va ilmiy tashkilot tomonidan mustaqil belgilanadi. Shuningdek, ilmiy rahbarga doktorantning ixtisosligiga mos fan tarmog'ida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo'lish talabi qo'yiladi.
Oliy ta'limdan keyingi ta'limga qabul qilishda tegishli fan yo'nalishlarida milliy sertifikatga ega bo'lgan talabgorni mutaxassislik fani bo'yicha imtihondan ozod etib, unga maksimal ball berish tartibi bekor qilinadi.
2027 yilgi qabuldan boshlab ilmiy rahbarlik uchun har oylik to'lov o'rniga tayanch doktoranturaga qabul qilingan stajyor-tadqiqotchi va o'z vaqtida himoya qilgan doktorant uchun bir martalik rag'batlantiruvchi to'lov joriy etiladi. Bunda:
- Hirsh indeksi bo'yicha ko'rsatkichi 5 dan kam bo'lgan ilmiy rahbarga mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 40 baravarigacha miqdorida pul beriladi;
- Hirsh indeksi bo'yicha ko'rsatkichi 5 dan yuqori bo'lgan ilmiy rahbarga mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 80 baravarigacha miqdorida to'lov to'lanadi.
Manba: Kun.uz

