Xorazmda 500 nafardan ortiq informatika o'qituvchilari sinovdan o'tmoqda
Xorazm viloyatida informatika va axborot texnologiyalari fani o'qituvchilarining kasbiy salohiyatini aniqlash bo'yicha test sinovlari boshlandi.

Xorazm viloyatida maktabgacha va maktab ta'limi tizimida faoliyat yuritayotgan informatika va axborot texnologiyalari fani o'qituvchilari uchun malaka sinovlari boshlandi.
Sinov jarayonlari haqida
Urganch shahridagi 17-umumta'lim maktabi bazasida joylashgan "Bilim va malaka sinov markazi"da tashkil etilgan mazkur jarayonlar pedagoglarning kasbiy salohiyatini aniqlash, ularni qo'llab-quvvatlash hamda ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan. Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, joriy sinovlarda jami 579 nafar pedagog ishtirok etmoqda.
Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Tursunbek Nurmetovning ta'kidlashicha, test savollari ishtirokchilarning nafaqat nazariy bilimlarini, balki kasbiy mahorati va tezkor fikrlash qobiliyatini ham sinovdan o'tkazishga mo'ljallangan. Bu jarayon ta'lim sifatini yangi bosqichga ko'tarish hamda o'z ustida ishlayotgan izlanuvchan ustozlarni qo'llab-quvvatlash yo'lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Ochiqlik va shaffoflik
Imtihonlar jarayonining ochiqligi va xolisligini ta'minlash maqsadida markazda barcha zarur shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Sinovlar zamonaviy texnik vositalar yordamida qat'iy nazorat ostida o'tkazilmoqda. Shuningdek, jarayonlarni maxsus havola orqali internet tarmog'ida to'g'ridan-to'g'ri kuzatib borish imkoniyati ham yaratilgan.
Manba: UzA


