Xorazmda maktab o'quvchilari uchun soliq bilimlarini targ'ib qilish tanlovi o'tkazildi
Xorazm viloyatida 3 mingdan ortiq maktab o'quvchilari ishtirok etgan "Soliq bilimlari – yosh avlodga" ko'rik-tanlovining viloyat bosqichi g'oliblari aniqlandi.

Xorazm viloyati Urganch shahridagi Yoshlar markazida "Soliq bilimlari – yosh avlodga" respublika ko'rik-tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi. Mazkur tadbirda viloyat bo'yicha uch mingdan ziyod 5-11-sinf maktab o'quvchilari qatnashdi.
Soliq qo'mitasi tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi hamda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamkorligida o'tkazilgan tandan maqsad o'quvchilarda soliqlarning jamiyat va davlat taraqqiyotidagi o'rni hamda soliq to'lash har bir fuqaroning konstitutsiyaviy burchi ekanligiga ongli munosabatni shakllantirishdan iborat. Shuningdek, bu yosh avlodni mas'uliyatli va madaniyatli soliq to'lovchi etib tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tanlov yo'nalishlari va g'oliblar
Tanlab olish jarayonlari dastlab tuman va shahar miqyosida boshlanib, o'quvchilar o'z bilim va iste'dodini namoyon etdi. Viloyat bosqichida esa ishtirokchilar o'z bilimlarini insho yozish, rasm chizish hamda videorolik va videorelslar tayyorlash kabi yo'nalishlarda namoyish etdi. Yakuniy natijalarga ko'ra quyidagi o'quvchilar g'olib deb topildi:
- "Soliqlar mavzusining suratlardagi tasviri" yo'nalishida eng yaxshi rasm uchun Xiva tumani 39-maktab o'quvchisi Dilnura Komilova birinchi o'rinni egalladi. U o'z ishida soliqlarning byudjet asosiy manbasi ekanligi va mablag'lar ta'lim, tibbiyot, yo'l infratuzilmasi hamda boshqa sohalarga yo'naltirilishini tasvirladi.
- "Soliq: kecha, bugun, ertaga" mavzusidagi eng yaxshi insho yo'nalishida Xiva shahridagi 17-maktab o'quvchisi Shodiya Matkarimova g'olib bo'ldi.
- "Soliqlar nimaga to'lanadi va nimalarga sarflanadi?" mavzusidagi eng yaxshi videorolik va rels nominatsiyasida Xonqa tumani 40-maktab o'quvchisi Murodbek Qilichevning videomateriali eng yaxshi deya e'tirof etildi.
Tadbir yakunida barcha g'oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplomlar hamda esdalik sovg'alari topshirildi. Bunday tanlovlar soliq madaniyatini yoshlikdan shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: UzA


