Maktab direktorlari endi bitiruvchilarning bandligi uchun mas'ul bo'ladi
Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zozxon Karimova har bir maktab direktori o'z bitiruvchisining bandligi haqida o'ylashi kerakligini ma'lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida Jarqo'rg'on tumanidagi “Yangi O'zbekiston” massivida bunyod etilayotgan obyektlarda bo'ldi. Davlat rahbari mazkur hududdagi 66-maktabda o'quvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni, xususan, imkoniyati cheklangan bolalar uchun tashkil etilgan sharoitlarni ko'zdan kechirdi.
Ayni paytda besh yuzdan ortiq bola ta'lim olayotgan ushbu ta'lim dargohida nogironligi bor bolalarni ilg'or standartlar asosida o'qitish uchun maxsus yondashuvlar qo'llanilmoqda. Maktabda ellikka yaqin mutaxassis hamda pedagoglar faoliyat olib bormoqda.
Safar yakunlari bo'yicha Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zozxon Karimova intervyu berdi. Vazir davlat rahbari maktab direktori hamda uning jamoasi oldiga muhim vazifalar qo'yganini ta'kidladi. Soha xodimlariga katta ishonch bildirilib, kelajak poydevorini yaratadigan yoshlarga ustozlar chuqur bilim berishi kerakligi qayd etildi.
Shuningdek, bundan buyon har bir maktab direktori o'z muassasasini tamomlayotgan har bir bitiruvchining kelgusidagi bandligi va ishlashi haqida jiddiy o'ylashi hamda shug'ullanishi shartligi belgilab qo'yildi.
Manba: UzA


